Aholiga ajratiladigan dori va tibbiy buyumlar uchun mablag‘lar 3 karra oshiriladi
Jamiyat
−
26 may 2021
2829Aholi jon boshiga ajratilgan dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan mablag‘ miqdori 3 baravarga oshiriladi. Bu haqda “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ma’lum qilindi.
Qarorga ko‘ra, joriy yil 15 iyundan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshiriladi.
Buning uchun 2021 yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Qarorga muvofiq, barcha sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingi joriy etilib, har chorakda natijalar Prezident Administratsiyasi va Hukumatga kiritib boriladi.
2021 yil 1 oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasi yaratiladi.
2021 yil 1 iyuldan ish staji 5 yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2021–2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallari (91 ta) tashkil etiladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan yangilangan ovqatlanish ratsioni hamda ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga talablar amaliyotga kiritiladi.
Bunda, bolalarning sog‘lig‘iga zarar va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qo‘yiladi.
LiveBarchasi