Aholi joylarga nom berishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2022
3623Kecha, 7 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz uchinchi majlisida senatorlar tomonidan “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Majlisda mazkur qonun jamoatchilikning taklif va fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik ob’ektlarga berish tartibi qonunchilikda aniq tartibga solinmagan.
Shu sababli amaliyotda geografik ob’ektlar (ko‘cha, mahalla, maydon, bog‘ va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlari)ga shaxs nomini berishda turli muammolar yuzaga kelmoqda.
Bundan tashqari, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunda geografik ob’ektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan.
Biroq, amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish tartibi ochib berilmagan. Shuningdek, aholi punktlarining tarkibiy qismlariga (mahallalar, shohko‘chalar, ko‘chalar, maydonlar, bog‘lar, xiyobonlarga) O‘zbekiston va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish tartibi aniq belgilanmagan.
Geografik ob’ektlarga shaxslarning nomini berishda esa ularni tanlashda talablar mavjud emas. Ushbu holatlar geografik ob’ektlarning nomlari qayta-qayta o‘zgartirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun 4 ta moddadan iborat bo‘lib, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunning 6 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonunning qabul qilinishi natijasida O‘zbekiston tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslar, shu jumladan, jamoat va davlat arboblarining xotirasini abadiylashtirish maqsadida ularning nomini geografik ob’ektlarga berishda kelib chiqayotgan turli muammolar bartaraf etiladi.
LiveBarchasi