Aholi sarson. Xonobodliklar 16 yildirki masjid ochilishini kutmoqda

Jamiyat

Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Hidoyat ul-Islom” masjidi mana 16 yildirki namozxonlarni kutmoqda. Sababi 2005 yilda Xonobod mahallasidagi ushbu masjid davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi uchun uning faoliyati to‘xtatilgan. Fuqarolar mazkur masjidni qayta ro‘yxatga qo‘yish uchun bormagan tashkiloti, bosh suqmagan eshigi qolmadi. Hech bir idoradan sado chiqmagach, mahalla ahli QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildi.

Murojaatdan ma’lum bo‘ldiki, xonobodliklar o‘z mahallasida masjid bo‘lsa turib, ular boshqa hududdagi masjidga borishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo boshqa joydagi masjidlar ham u qadar katta emas.

Mahalla faoli Abduqayum G‘afurovning aytishicha, yon atrofdagi masjidlarda odam ko‘payib ketganidan, namozxonlar ko‘chada namoz o‘qigan paytlari ham bo‘lgan.

“O‘zimizning masjidda namoz o‘qishga ruxsat yo‘qligi uchun Qo‘yliq mavzesidagi masjidga, yoki Sergelidagi masjidga boramiz. Birgina Qo‘yliq mavzesidagi masjidni olib qaraydigan bo‘lsak, undagi joy o‘z aholisiga yetmaydi. Odamlar joy yo‘qligidan ko‘chalarda ham namoz o‘qishadi”, deydi mahalla faoli Abduqayum G‘afurov.

Toshkent viloyatining bosh imom xatibi Jasurbek domla Raupovning aytishiga qaraganda, avvalo masjidga borish uchun uzoq masofaga qatnaydigan fuqarolar yashovchi hududdagi masjidlarning ochilishi ko‘zda tutilgan. Keyin esa aholi zich yashaydigan hududdagi masjidlarga navbat keladi.

“Biz ba’zi masjidlarni ko‘rdikki, hatto o‘z xarajatlarini qoplay olmaydi. Masalan na o‘z ishchilarini oylik bilan ta’minlay oladi, na kommunal to‘lovlarini to‘lay oladi.

Biz avvalo uzoq-uzoq hududlardagi masjidlarni ochishni rejalashtirganmiz. Ushbu “Hidoyat ul-Islom” masjidi ham, albatta, ochiladi. Mazkur masjid 2022 yilda ochilishi rejalashtirilgan masjidlar ro‘yxatiga kiritilgan”, deydi Jasurbek domla Raupov.

To‘g‘ri, balki navbatma navbat ochilar. Ammo bu navbatning 16 yildan beri kelmasligi xonobodliklarni charchatgan.

Mahalla faollaridan biri Iqboljon Karimovning aytishicha fuqarolar mazkur masala yuzasidan Toshkent viloyati hokimiyatiga borishgan. U o‘sha kunni shunday eslaydi: 

“Mahalladagilar bilan masjid masalasini hal qilish uchun hokimiyatga bordik. O‘sha yerda 4 soat kutganimizdan keyin Toshkent viloyati hokimining diniy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zokir Hidoyatov chiqib “Bu mening vakolatimga kirmaydi. Diniy idoraga borib tavsiyanoma olib kelinglar, keyin ochib beramiz”, degan. O‘shandan beri biz u yoqqa yugurib, bu yoqqa yugurib sarsonmiz. Ramazongacha ochish uchun rosa harakat qilgan edik, ammo bo‘lmadi”, deydi Iqboljon Qodirov.

Aholi hokimlikka murojaat bilan chiqqanidan keyin, joriy yilning 5 mart kuni ushbu masjidga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning masjidlar bo‘limi xodimi Zulhaydar Sultonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muhammadnazar Qayumov hamda Toshkent viloyati bosh imom xatibi Jasurbek domla Raupov kelgan va aholini tinglagan. Suhbat davomida qachonki masjid "kelinning uyidek" holatga kelgandagina ochilishiga ruxsat berilishini aytishgan.

Fuqaro Ergash Rahimovning aytishicha, shundan keyin masjidda hashar yo‘li bilan qayta qurish ishlari boshlab yuborilgan.

“Masjidning hamma joyini chiroyli qilib qo‘ydik. 5 mart kuni tegishli tashkilotdan kelgan vakillarning aytganidan ham a’lo qildik.

“Zam” hokimning bitta tavsiyanoma berishi shunchalik qiyinmi?! O‘sha odam ham musulmonni farzandidir?!  O‘ylab ko‘raylik, bitta imzo qo‘ymasdan xalqni qiynash yaxshimi, yoki odamlani duosini olgan yaxshimi?!”, deydi mahalla faoli.

Mahalla ahlining aytishicha, masjidni ta’mirlash boshlangandan keyin, har kim qo‘lidan kelgancha yordam berdi. Saxovatpesha insonlar tomonidan esa masjidning gilamlari va derazalari olib kelib o‘rnatilgan. Jumladan, 50 ta ko‘rpacha, 300 ta joynamoz va bir qancha diniy kitoblar ham “Hidoyat ul-Islom” masjidiga sovg‘a qilingan. Masjid qiyofasi tubdan o‘zgartirilgan hamki “yuqoridagi”lar hamon jim.

Masjidning holati talab darajasiga olib kelingandan keyin tegishli tashkilotlardan kelgan vakillar masjidning holati ancha o‘nglanganini aytishgan. Ammo endi birgina masjid ochish yo‘lidagi navbatdagi mashaqqat – hujjatbozlik boshlangan. Fuqarolar barcha hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakilligiga taqdim etgan. Shundan so‘ng vakillik Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosarining tavsiyanomasini talab qilgan.

“Hidoyat ul-Islom” masjidining ochilishi uchun xonobodliklar 16 yildan buyon idorama-idora sarson. Qayerga murojaat qilishmasin “Otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutib kelinyapti. Fuqarolar Ramazon oyining ilk taroveh namozini shu yerda o‘qishni niyat qilgandi, ammo hujjat ishlaridagi sansolorlik tufayli masjidning ochilishi hamon paysalga solinmoqda.

Endi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyati vakilligi talab qilayotgan “zam” hokim tavsiyanomasiga kelsak. Qonunchilikda diniy tashkilotlarni tashkil qilish talablari aniq ko‘rsatilgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2018 yil 26 sentyabrda tasdiqlangan “Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari Qo‘mitaga quyidagi hujjatlar taqdim qilishlari zarurligi belgilangan:

•  diniy tashkilot tuzish tashabbuskorlari bo‘lgan o‘n sakkiz yoshga yetgan yuz nafardan kam bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari imzolagan ariza;
•  diniy tashkilotni tashkil qilish, ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash bo‘yicha ma’lumotlar mavjud bo‘lgan ta’sis yig‘ilishi bayoni va diniy tashkilot ustavining nusxalari;
•  diniy tashkilot tashabbuskorlari to‘g‘risidagi ma’lumot;
•  diniy tashkilotning rahbar organi a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumot;
•  diniy tashkilot rahbarlarining diniy ma’lumoti haqidagi hujjatlari nusxasi;
•  diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tegishli hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bo‘limlari) va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rozilik xati nusxasi ilova qilingan holda) kafolat xati nusxalari;
•  diniy tashkilot atrofidagi yaqin diniy tashkilotlar bilan oraliq masofa haqida aniq ma’lumot;
•  diniy tashkilotning faoliyat olib borishi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy manbalari haqida ma’lumotnomalar taqdim etiladi.

Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish to‘g‘risidagi hujjatlar u berilgan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Diniy tashkilotning ta’sis hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, mustaqilligi, yaxlitligi va xavfsizligini buzish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etish, fuqarolarning sog‘lig‘i, ma’naviyati va axloqiga qasd qilish maqsadiga ega bo‘lsa, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish rad etiladi. Agar yuqorida keltirib o‘tilgan talablar buzilmagan bo‘lsa, u holda vakolatli davlat tashkiloti tomonidan diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berilishi shart.

Ko‘rinib turibdiki, qo‘mita tomonidan tasdiqlangan nizomda hokim o‘rinbosarining tavfsiyanomasi haqida hech qanday gap-so‘z yo‘q. Demakki, Toshkent viloyati vakilligi talabi asossiz. Shunday ekan “Hidoyat ul-Islom” masjidi ochilishiga to‘siq bo‘ladigan hech qanday sabab qolmagan. Bu vaziyatda mas’ullarning hech bir aniq tushuntirish va sababsiz masjid ochilishini paysalga solayotgani nafaqat xonobodliklarni, balki bizni ham hayratga solmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing