Aholi kelgusi 12 oyda nimalarning narxi oshishidan xavotirda?
Jamiyat
−
05 aprel 2022
11414Kelgusi 12 oyda valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar natijasida xorijdan import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan mart oyi uchun “Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari sharhi”da keltirilgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari fevralga nisbatan 0,1 foizga o‘sib, 15 foizni, tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,8 foizga oshib, 15,4 foizni tashkil qilgan.
Inflyatsion kutilmalari yuqori darajada shakllanayotganligiga qaramasdan, respondentlarning ko‘pchilik qismi inflyatsiyani 9−12 foiz atrofida bo‘lishini kutayotganini bildirgan.
Aholi kelgusida narxlar oshishiga asosan quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblamoqda:
• valyuta kursining o‘zgarishi (54 foiz);
• import tovarlari hamda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining qimmatlashishi (49 foiz);
• narxlarning sun’iy oshirilishi (37 foiz).
Tadbirkorlik sub’ektlari esa kelgusida narxlar oshishiga asosan quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblamoqda:
• valyuta kursining o‘zgarishi (51 foiz);
• yoqilg‘i va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (36 foiz);
• tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar natijasida xorijdan import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar qimmatlashishi (22 foiz).
Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan biznes vakillarining 17 foizi kelgusida ish haqi va nafaqalarning oshishini, 14 foizi esa iqtisodiyotda raqobat muhiti yomonlashishi mumkinligi ta’kidlashgan.
LiveBarchasi