Ahmedovni “Anji”ga taklif qilgan Xiddink murabbiylik faoliyatini yakunladi
Sport
−
10 Sentabr 2021
3356Kecha, 8 sentyabr kuni Kyurasao terma jamoasi bosh murabbiyi, gollandiyalik Gus Xiddink faoliyati yakunlanganini e’lon qildi.
“Men koronavirus tufayli ko‘ngildagidek ishlay olmadim. Rahbariyat bilan gaplashgach, tanaffus qilish yaxshiroq, degan xulosaga keldim. Chunki ular boshqa yondashuvni sinab ko‘rmoqchi. Men esa, nihoyat, faoliyatimni to‘xtatmoqchiman”, deydi Xiddink.
Eslatib o‘tamiz, Xiddink Kyuracao terma jamoasiga 2020 yilda tayinlangan edi. Mutaxassis faoliyati davomida Gollandiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya, Turkiya va Xitoy terma jamoasiga ham murabbiylik qilgan. U, shuningdek, PSV, “Fenerbaxche”, “Valensiya”, “Real”, “Betis” va “Chelsi” klublarida ishlagan.
2011-2012 yillarda Rossiyaning “Anji” klubida faoliyat yuritgan Xiddink jamoaga o‘zbekistonlik Odil Ahmedovni taklif etgan. U Janubiy Koreya terma jamoasi bilan 2002 yilgi Jahon chempionatida 4-o‘rinni egallagan va Rossiya terma jamoasini 2008 yilda Yevropa chempionati yarim finaliga qadar olib chiqqan.