Ahmadjonovning aytgani bo‘ldi – Mo‘minjonovga og‘irroq jazo tayinlandi

Sport

image

Xabaringiz bor, bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda ayblangan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyevning mojaroli ishi ortidan besh kishi, jumladan 2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo‘minjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikatsiya qilingan edi. 

Bugun, 1 aprel kuni O‘FA binosida yakuniy yig‘ilish o‘tkazilib, Mo‘minjonovga nisbatan so‘nggi “hukm” o‘qildi. Unga ko‘ra, murabbiy futboldan 1 yilga emas, balki 5 yilga chetlashtirildi. 

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Etika qo‘mitasining 2019 yil 20 fevraldagi  02/2019 sonli  yig‘ilish qaroriga asosan, O‘FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasiga Namanganning “Navbahor-Lochinlari” PFK klubi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligi yuzasidan o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib borish yuklatilgandi.
 
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Ilhom Mo‘minjonovning faoliyatiga qonuniy baho berish maqsadida u bilan birga faoliyat olib borgan futbolchilar va rasmiy shaxslar suhbatga chaqirildi hamda ular bilan suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan ma’lumotlar natijasida yig‘ilgan bir qator  hujjat-dalillar ko‘rib chiqish uchun O‘FA Etika qo‘mitasiga taqdim qilindi. 
 
O‘FA Etika qo‘mitasi taqdim qilingan hujjat va dallilarni o‘rganib chiqib yakuniy yig‘ilish o‘tkazdi.
 
Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘FAning Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan ishga oid taqdim etilgan ma’lumotlardan hamda Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasining bildirgan fikr va mulohazalaridan kelib chiqib, quyidagicha qaror qabul qilindi:
 
“Navbahor lochinlari” PFKning sobiq bosh murabbiysi Ilhom Mo‘minjonov 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish, jumladan, o‘yin natijasiga ta’sir qilish maqsadida “Navbahor lochinlari” PFKning bir qator futbolchilarini o‘yinni sotishga undagani uchun, O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan:

- 50.000.000 (ellik) million so‘m miqdoridagi jarimaga tortiladi;
- O‘FA Intizom va odob-axloq (etika) qo‘mitasining 2019 yil 2 fevraldagi 01/2019-sonli yig‘ilish qarori bilan 1 (bir) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilganligini inobatga olib, 4 (to‘rt) yil muddatga futboldagi har qanday faoliyatdan chetlashtirish, umumiy hisobda 5 (besh) yil muddatga chetlashtiriladi.
 
Shuningdek, “Surxon” PFK texnik direktori  Sherzod Sharipov qo‘mitaga va O‘FAning rasmiy vakillariga surishtiruv jarayonida yolg‘on ko‘rsatma bergani va qo‘mitani vaziyat yuzasidan qaror chiqarishda chalkashtirishga harakat qilgani uchun 2019 yil futbol mavsumi oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi. 
 
“Surxon” PFK jamoasi sardori Dilshod Jabborov esa “Navbahor lochinlari” PFKning sobiq bosh murabbiysi Ilhom Mo‘minjonovga 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishga yordam bergani va futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani, shuningdek, qo‘mitaning yozma va og‘zaki so‘rovlariga e’tibor bermay uzrli sababsiz qo‘mita yig‘ilishlariga kelmaganligi uchun O‘FA intizom kodeksining 5.52. bandiga asosan 2019 yil futbol mavsumi oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi. 
 
Shuningdek, yig‘ilish davomida futbol sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar kim bo‘lishidan qat’i nazar kelgusida bunday holatlarni sodir etadigan bo‘lsa, belgilangan tartibda jazoga tortilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti fevral oyi boshlarida ushbu masalaga to‘xtalib, avvaliga futboldan bir yilga chetlatilgan Ilhom Mo‘minjonovga bundan ham og‘ir jazo tayinlanishi kerakligini aytib chiqqan edi. 

“Men yanada jiddiyroq jazo berishlariga ham qarshi bo‘lmasdim, aslida. Biroq komissiya shu qarorga kelgan bo‘lsa, biz uni hurmat qilamiz. O‘z klubi uchun borini berish o‘rniga, uni talash, taron-taloj qilish haqida ko‘proq o‘ylaydigan kishilarga oramizda joy yo‘q. U kim bo‘lishidan qat’i nazar, kimningdir tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurishi kerak emas. Bu hali hammasi emas”, degan edi Ahmadjonov. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Mo'minjonov

Baholaganlar

32

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar