9 yoshli qiz Moskva davlat universiteti talabasi bo‘ldi

Olam

image

Rossiyada 8 yoshida maktab bitiruv imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan Alisa Teplyakova Moskva davlat universitetining psixologiya fakultetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Yaqinda 9 yoshga to‘lgan qizning otasi Yevgeniy Teplyakov "Kultura" nashriga farzandining o‘qishga qabul qilinishi bo‘yicha shartnomani imzolaganini aytdi.

“Biz davlat grandi asosida o‘qishga kira olmadik, biroq qizim to‘plagan ballar uning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirishiga yetarli bo‘ldi. Bugun shartnomani imzoladik. O‘qishning birinchi semestri uchun pul to‘lashgina qoldi, xolos”, deb aytgan qizning otasi. Uning aytishicha, psixologiya oliy ta’limni boshlash uchun yaxshi yo‘nalish hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, qizning oilasida 7 farzand bo‘lib, ular Moskvada bir xonali kvartirada yashaydi. Alisa Teplyakova joriy yil yozida maktab bitiruv imtihonlarini topshirib, 11-sinfni bitirganlik shahodatnomasini olgan. Iyul oyida esa 9 yoshga kirgan. Ota-onasining aytishicha, ularda o‘zlariga ipotekaga uy sotib olishga moddiy imkoniyat yo‘q, davlat esa bepul uy-joy taqdim qilmayapti. 

“Alisa 4 yoshida 1-sinf dasturini o‘zlashtirgan edi. Yaxshi yozardi, o‘qirdi, hisoblay olardi. Shuning uchun biz uni maktabga bermoqchi bo‘ldik. Hattoki bu haqda Rossiya Prezidentiga ham xabar yubordik. Biroq maktabga 7 yoshdan o‘qishga berish tavsiya qilingan xat keldi.

Alisa 5 yoshidayoq 5-sinf dasturini bilgani uchun biz uni 2 yildan keyin maktabga berish yoki uni o‘qitishni davom ettirish haqida o‘ylay boshladik. Qisqasini  aytganda, o‘z harakatlarimizni mantiqiy yakuniga – maktab bitiruv imtihonlarini topshirishgacha yetkazdik”, deb aytgan qizning otasi.

Yevgeniy Teplyakov qizi Alisaga kuniga 3-5 soat vaqt ajratadi va u "vunderkind" emasligini ta’kidlab keladi. 

“Bu normal natijalar. Yaxshi xotira va ta’limga o‘ziga xos yondashuv. O‘rganish rivojlanishga olib keladi: ya’ni siz bolaga o‘rgatasiz, u rivojlanadi”, deydi Yevgeniy.

To‘qqiz yoshli Alisa Teplyakova Moskva davlat universitetining eng yosh talabasi bo‘ldi. U imtihonda maksimal 100 balldan 48 ball oldi. Shu bilan birga, qabul qilinishidan oldin, Alisa eng yosh uchinchi va to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi, shuningdek, 11-sinf dasturini o‘zlashtirgan eng yosh rus ayol sifatida ro‘yxatga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

520

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing