9-11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi
Jamiyat
−
09 iyun 2021
7433O‘zbekistondagi maktablarning 9–11-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi. Bu haqda “Ishchi kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida qo‘shimcha ravishda 28 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
- 864 ta fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpazlik-qandolatchilik, erkaklar va ayollar sartaroshligi, kompyuter savodxonligi, buxgalteriya va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari;
- vazirlik va idoralar tasarrufida bo‘lgan 18 ta professional ta’lim muassasalarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari.
Qarorga ko‘ra, “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari hamda maskanlarning o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga tenglashtiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-11-sinf o‘quvchilarini asosiy ta’lim jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan vaqtlarida kasb-hunarga o‘qitish tartibi joriy qilinadi.
Qaror bilan:
- bandlik va mehnat munosabatlari vazirining kasb-hunarga o‘qitish va kasbiy malakani rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi;
- Kasb-hunarga o‘qitishni tashkil etish va kasbiy malakani rivojlantirish departamenti tuzildi.
Shuningdek, “TUMO” kreativ texnologiyalar markazining Toshkent shahridagi filiali tashkil etildi. 2022 yil 1 martgacha Filialda yoshlarni veb-ishlanmalar, grafika dizayni, 3D-modellashtirish, raqamli dasturlash, robototexnika, raqamli media, videoo‘yinlar yaratish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik sohalarida kooperativlar tashkil etiladi. 2022 yil 1 yanvarga qadar har bir tuman (shahar) sektorida kamida bittadan kooperativlar tashkil etiladi.
Kooperativlarga a’zo bo‘lgan har bir ish bilan band bo‘lmagan fuqaro uchun BHMning 15 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
LiveBarchasi