8 yil o‘tib “Turkuaz” da’vo qilyapti

Jamiyat

image

2019 yilning 4 oktyabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markazning (ICSID) Arbitraj Tribunali Güneş Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi va boshqalarning O‘zbekiston Respublikasiga qarshi da’vosi doirasidagi arbitraj nizosi bo‘yicha qaror chiqardi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mazkur qaror tafsilotlarining maxfiyligini saqlash talabiga sobit qolsada, Vazirlik Arbitraj tribunali qarorini chuqur o‘rganish natijasida Turkiya fuqarosi V.Guneshga iqtibosan matbuotda noxolis talqin qilinayotgan ayrim jihatlarga jamoatchilik e’tiborini qaratishni lozim topdi.

Birinchidan, Tribunal da’voning ko‘plab bandlari bo‘yicha hukumatning nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatladi va da’vogarlarning minimal miqdordagi talablaridan tashqari qolgan asosiy avvalboshdan oshirib ko‘rsatilgan da’volarini rad etdi. 

Ikkinchidan, qayd etish lozimki, amalda Tribunal o‘zining vakolatlari cheklanganligini tan olib, dastlab da’vo kiritgan 6 nafar da’vogardan mamlakatimizda «investor» tushunchasiga mos kelmaydigan uch nafarining da’volarini rad etdi. 

Uchinchidan, da’vogarlarning ularga 180 million AQSH dollari miqdoridagi ma’naviy zarar yetkazilganligi haqidagi da’volarini, shuningdek, yetkazilgan moddiy zarar miqdoriga oid da’vogarlar tomonidan taqdim qilingan 66 million AQSH dollaridan ortiq miqdordagi oshirib ko‘rsatilgan baholarni rad etdi.

To‘rtinchidan, Tribunal da’vogarlarning ularga go‘yoki shafqatsiz munosabatda bo‘linganligiga oid barcha da’volarini ko‘rib chiqishni rad etdi. Shu bois Vohit Guneshning shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq barcha bayonotlari bir tomonlama fikrligicha qolmoqda.

Beshinchidan, Tribunal O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga qarshi ICSIDga da’vo kiritish uchun huquqiy asos mavjud emasligini tan oldi. 

Yakunda Tribunal dastlabki da’vo qilingan zarar miqdorining 10 foizi miqdoridagi, ya’ni 26 million AQSH dollari (foizlar va harajatlardan tashqari) miqdoridagi summani to‘lash haqida qaror qabul qildi. Mazkur miqdor 2011 yildagi Vohit Gunesh va boshqalarga qarshi asosiy jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hisob-kitoblaridan kelib chiqqan. Tribunal da’vogarlar tomonidan zarar miqdoriga oid taqdim qilingan baholarni spekulyativ va ishonchsiz deb topdi. 

Shu bilan birga Tribunal da’vogarlarning O‘zbekiston tomonidan ikki tomonlama investitsion shartnomaning buzilganligi ehtimoli haqidagi boshqa da’volari haqida biror bir xulosa berishdan tiyildi. 

Arbitraj qarorini talqin qilish atrofidagi axborotlar oqimi da’vogarlarning O‘zbekiston hududidagi ilgarigi faoliyati bilan bog‘liq faktlarni boshqacha mazmunda ko‘rsatishga urinishlardan dalolat berishi mumkin. Shunga qaramay, ma’lum bo‘lishicha, da’vogarlar hozirda O‘zbekistonda biznes yuritish uchun biror bir to‘siq mavjud deb hisoblamaydi.

O‘zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalarning kirib kelishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda investitsiyalar va investorlarni huquqiy himoya qilishni ta’minlashni kafolatlaydi. 

Shu bilan birga, barchamiz yaxshi tushunamizki, xorijlik investorlar O‘zbekiston qonunchiligini hurmat qilishi va unga amal qilishi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymasligi, soliqlarni to‘lashi lozimligini takrorlashga hojat yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Turkuaz

Baholaganlar

74

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar