Toshkent shahar IIBB yana “qovun tushirdi”
Jamiyat
−
18 iyun 2020
79593Bugun, 18 iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining internet sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida “Toshkent shahar IIBB har doim yordamga tayyor” nomli xabar tarqatildi. Unda xodimlari aholi bilan muloqot qilayotgani tasvirlangan suratlar ham ulashilgan. Suratlardan fuqarolarning yuzlari ularning shaxsini oshkor etmaslik maqsadida xiralashtirilgan. Surat ostiga esa quyidagi matn ilova qilingan:
“Poytaxt IIBB xodimlari “Saxovat va ko‘mak” harakatida faol ishtirok etmoqdalar. Yaqinda Yashnobod tumani IIO FMB xodimlari boshliq podpolkovnik Toxirjon Zuparov boshchiligida tumanda yashovchi va moddiy yordam hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoja o‘nta oiladan xabar olib, ularga oziq-ovqat to‘plamlarini topshirdilar. Yordam olgan fuqarolar orasida keksalar, jismoniy imkoniyatlari cheklangan insonlar, kam ta’minlanganlar bor edi. Hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar davom etmoqda”.
Poytaxt IIBB xodimlarining saxovatli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgani tahsinga loyiq, ammo bular ko‘zbo‘yamachilik emasmi? IIBBdagilar odamlarni yo ahmoq deb o‘ylaydi chog‘i. Suratlarda IIBB xodimlari go‘yo niqob taqqan holatda odamlar bilan muloqot qilayotganini ko‘rish mumkin. Ammo haqiqiy holat bunday bo‘lmagan. Suratdagi niqob fotoshop dasturi orqali IIBB xodimlari yuziga qo‘ndirib chiqilgan. Buni rasmlarni sinchkovlik bilan kuzatganlar yaxshi payqaydi.
Voqea joyida na IIBB xodimlari va fuqarolar niqob taqqan. Yuqoridagi suratga yaxshilab e’tibor qiling. IIBB xodimining ortidagi oyna hammasini fosh qilgan. Fotoshopchilar oynadagi aksga maska qo‘ndirishni unutgan.
Xo‘sh, endi savol: bu bilan kimni aldayapsiz? Karantin qoidalariga rioya qilmagan minglab odamlarni jazolash, jarimaga tortishga yetgan farosatingiz shunga kelganda yetmaydimi yo sizga kelganda qonun deganlari chetga chiqadimi? Butun boshli odam o‘lib ketayotganda maska taqmaslik katta ayb bo‘libdimi...
Shu kunlarda mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olmoqda. Davlat rahbari kecha o‘tgan videoselektorda ham niqob taqish, qo‘lni tez-tez yuvish, gigiyenik vositalardan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash masalasiga alohida to‘xtaldi. Buni nazorat qilish esa hamon IIV gardanida. Ammo ulardagi xodimlarning o‘zi ko‘zbo‘yamachilik qilsa, Prezidentni, xalqni aldashga urinsa, dodingni kimga aytasan?
LiveBarchasi
26 noyabr