5 yillik yara. AQSH rohinga musulmonlariga nisbatan harakatni genotsid deb tan oldi
Olam
−
21 mart 2022
15997AQSH ma’muriyati Myanma rasmiylarining rohinga xalqiga qarshi harakatlarini genotsid deb biladi. Bu haqda bugun, 21 mart kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtondagi Xolokost memorial muzeyida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Davlat kotibi sifatida mening vazifalarimdan biri Qo‘shma Shtatlar nomidan [dunyoda aholining har qanday guruhiga nisbatan] shafqatsizlik holatlarini aniqlashdir. Xolokostdan tashqari AQSH yetti marta genotsid sodir etilgan degan xulosaga kelgan. Bugun sakkizinchi marta: Myanma qurolli kuchlari vakillari rohingalarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan degan xulosaga keldim. Men kelgan qaror Davlat departamenti tomonidan tayyorlangan faktlarni o‘rganish va huquqiy tahlilga asoslangan”, deydi u.
Blinken, shuningdek, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayblovlar uchun Myanmadagi da’vo qilingan genotsid holatlari bo‘yicha dalillarni to‘playotgan BMT agentligiga qariyb 1 million dollar mablag‘ ajratilishini e’lon qildi.
Myanma harbiy qo‘mondonligi o‘tgan yili favqulodda holat e’lon qilgan va mamlakat fuqarolik rahbariyatini chetlatgan edi. Armiya rasmiylari buni 2020 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan umumiy Parlament saylovlarida bo‘lib o‘tganini da’vo qilgan yirik firibgarlik bilan izohladi. Mamlakatda fuqarolik hukumatining chetlatilishiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Rasmiylar rohingalarga qarshi genotsid ayblovlarini rad etadi.
Rohingalar Myanmada Islom diniga e’tiqod qiluvchi etnik-diniy ozchilikdir. Mamlakat hukumati ushbu millat vakillarini Bangladeshdan kelgan noqonuniy muhojirlar deb biladi va ularning fuqarolik huquqini tan olmaydi. Rohingalar, asosan, Bangladesh bilan chegaradosh Rakxayn shtatida yashaydi va u yerda mahalliy buddistlar bilan bir necha bor to‘qnashuvlar yuz bergan. Shu sababli ko‘plab rohingalar Myanmadan Bangladeshga qochib ketishgan.
2017 yil avgust oyida “Arakanlik rohingalarni qutqarish armiyasi” jangarilari politsiyaning 30 ta qarorgohiga hujum uyushtirganidan so‘ng, mintaqadagi vaziyat keskinlashgan edi. Shundan so‘ng, respublika xavfsizlik kuchlari Rakxaynda harbiy operatsiya Boshladi va buning ortidan minglab rohinga qochqinlari Bangladeshga ko‘chib o‘tdi.
LiveBarchasi