5 yashar bola 4 kundan beri 30 metr chuqurda qolmoqda. Qutqaruvchilar tinmayapti

Olam

image

Shimoliy Afrika hududida joylashgan Marokashda 30 metr (100 fut) chuqurlikdagi quvurga tiqilib qolgan 5 yoshli Rayan ismli bolakayni qutqarish ishlari 4 kundan buyon davom etmoqda. CNN’ning xabar berishicha, voqea mamlakatning Shefshauyen provinsiyasida sodir bo‘lgan.

Mahalliy axborot agentligi MAP’ga ko‘ra, kecha, 4 fevral kuni kechasi bilan burg‘ulash mashinalari vertikal holatda 90 futgacha chuqur qazishga muvaffaq bo‘lgan. Endi gorizontal usulda kavlash ishlari davom ettirilishi ma’lum qilinmoqda. 


“Bizni sevgan insonlar bolamni qutqarish uchun bor sa’y-harakatlarini ayashmayapti”, deydi kecha tuni bilan qutqaruvchilar yonidan bir qadam ham siljimagan Rayanning otasi.   

Voqayeani jonli tarzda yoritib borayotgan “Al-Aoula” telekanaliga ko‘ra, bolakaygacha yetib borish uchun qutqaruvchilar yana 2 metr vertikal va 3 metr gorizontal yo‘nalishda chuqur qazishlari kerak. 

Onaning muxbirlarga bildirishicha, Rayan joriy yilning 1 fevral kuni mahallada o‘ynab yurgan payti quvurga tushib ketgan. Ushbu hodisa haqida uning yaqinlari quvurdan bolaning yig‘i ovozi eshitila boshlagach, xabar topishgan va darhol qutqaruvchilarga murojaat qilishgan.  

Otasining qo‘shimcha qilishicha, qutqaruvchilar bolakayga arqon orqali ovqat va suv tushirishgan. Ota o‘g‘lining ovqatlanayotganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytmoqda.  

“U harakatlandi va biroz suvdan ichdi. Xudo hohlasa hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi ota. 

Qutqaruv guruhiga ko‘ra, bolakayni qutqarish uchun murakkab operatsiyalarda ishlatiladigan og‘ir burg‘ulash uskunalaridan foydalanilmoqda.

Qutqaruv ishlariga qo‘llab-quvvatlov o‘rnida Shimoliy Afrika bo‘ylab arab tilida #RayanniQutqar hashtegi keng tarqalmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3454

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing