300 nafar “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilari to‘plandi
Jamiyat
−
03 yanvar 2020
9887Toshkent shahrida “Umid” jamg‘armasi bitiruvchilarining “Yangilanayotgan O‘zbekistonga yangi avlod kadrlari” mavzusidagi birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Anjuman ochilish marosimida Adliya vaiziri nutq so‘zlab bitiruvchilarning prezidentga kamarbasta bo‘lishini aytgan. Bundan tashqari Ruslan Davletov parlamentdagi “hukumat soati”, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilishga oid qaror imzolanganligi haqida aytib ma’lumot bergan.
“So‘z erkinligi sohasida ham, tan olish kerak, tub burilish yuz berdi. Mazkur o‘zgarishlar yuz berishi uchun alohida qonunlar qabul qilinmadi. Jamiyatning o‘zi shaffoflikni talab qila boshladi, OAV ham jamiyat muammolarini yoritishda dadilroq bo‘la boshladi. Bugungi kunda an’anaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda. Natijada, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda, kerak bo‘lsa, mansabdor shaxslar ularni fikri bilan o‘rtoqlashishga majbur bo‘lmoqdalar”, deya ta’kidlab o‘tgan adliya vaziri.
Shu bilan birga, Adliya vaziri oldindagi vazifalarni ham sanab o‘tgan.
Birinchisi — qonunchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalasidir. Shu jumladan, bevosita amal qiluvchi qonunlarning qabul qilish, qonun hujjatlarining barqarorligini ta’minlash, qonunosti hujjatlarni kamaytirish kerakligi aytib o‘tildi.
Ikkinchisi — hayotimizni barcha sohalarida qonun ustuvorligini ta’minlash. Jahon adolat loyihasi (World Justice Project) tashkilotining “Qonun ustuvorligi indeksi”da 126 mamlkat orasida O‘zbekiston 94-o‘rinda ekanligi ham ushbu sohada oldimizda ko‘plab vazifalar turganligidan darak beradi.
Uchinchisi — sud tizimini yanada isloh qilish. O‘zbekistonda 23 810 nafar kishiga 1 nafar sudya to‘g‘ri kelsa, Fransiyada 11 000 kishiga, AQSHda 9 000 kishiga, Germaniyada 4 000 kishiga 1 nafar sudya to‘g‘ri keladi.
Bu borada alohida e’tiborni sudlarning institutsional va funksional mustaqilligini ta’minlash, nizolarni hal qilishning muqobil usullari (arbitraj va mediatsiya)dan keng foydalanish orqali sudyalar ish yuklamasini kamaytirish, xalq maslahatchilari institutini tubdan isloh qilish orqali jamoatchilik nazoratining yangi mexanizmini joriy qilish kabi takliflar ilgari surilgan.
Forum o‘z ishini davom ettirmoqda. Anjumanda 300 nafardan ortiq, shu jumladan, ayni vaqtda xorijda yashayotgan 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Ma’lumot uchun: 1997 yil 7 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan iste’dodli yigit-qizlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Umid” jamg‘armasi tuzilgan. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham ushbu jamg‘arma ko‘magida tahsil olgan ilk bitiruvchilardan biri hisoblanadi.
Jamg‘arma ko‘magida 1997—2003 yillar davomida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari (AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya)ning bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida jami bo‘lib 828 nafar istiqbolli yoshlar tahsil olgan.
LiveBarchasi