30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Jamiyat

image

Sayyoramizda bir qator global muammolar borki, bular sirasiga bevosita odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarni ham kiritish mumkin. Yildan- yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo‘layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega.

Insoniyat tarixida odam savdosiga qarshi kurashish XIX asr oxiri va XX asr boshlarida xotin-qizlarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qit’alariga keng ko‘lamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902 va 1910 yillarda ikkita konferensiya o‘tkazilib, "Oq qullar savdosiga qarshi kurash" nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilingan. 

Keyinroq ushbu konvensiya "Ayollar va bolalar savdosini yo‘qotish" va "Voyaga yetgan ayollar savdosini yo‘qotish" nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to‘ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948 yilda "Inson huquqlari" umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shundan so‘ng "Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi", "Qullik xususida"gi Konvensiya, "Qullikni yo‘qotish amaliyoti to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya, "Bola huquqlari to‘g‘risida"gi Konvensiya, "Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanila boshlandi.

2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.
Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, undan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarini tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan "Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiyaga qo‘shildi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi. 

Shuningdek, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelidagi "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingan. Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni o‘z ichiga oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar