“3 yilda tuproqli, 4 yilda ta’mirtalab yo‘llar qolmaydi” – Abdurahmon Abduvaliyev
Jamiyat
−
29 Oktabr 2021
5172O‘zbekistonda keyingi uch yil ichida tuproqli, to‘rt yil ichida ta’mirtalab yo‘llar qolmaydi. Bu haqda joriy yilning 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev ma’lum qildi.
“2016 yilning 1 yanvarida yo‘llarimizning 121 ming kilometri yomon ahvolda edi. Lekin berilayotgan mablag‘lar hisobidan besh yil mobaynida 56 ming km yo‘l ta’mirlandi. Bugunga kelib ta’mirtalab yo‘llar 64 ming kmdan oshiqroqni tashkil qiladi. Shundan umumiy foydalanishdagi yo‘llar 5100 kilometr, ichki xo‘jalik yo‘llari esa 60 ming kmga yaqin. Mamlakatimizda 29 ming km tuproq yo‘l bor”, deydi Abdurahmon Abduvaliyev
Majlis davomida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi ta’mirtalab va tuproqli yo‘llarga asfalt yotqizish haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“2021 yil 1 yanvarda 31 ming 417 km tuproq yo‘l bor edi. Shundan 11 ming 400 km.ga shag‘al to‘kildi, 5 ming kmdan ortiq ichki xo‘jalik yo‘llari asfalt qilindi. Bu ishlar hozir davom etmoqda”, deydi qo‘mita raisi.
Shuningdek, Abdurahmon Abduvaliyevning ta’kidlashicha, uch yildan keyin O‘zbekistonda tuproqli yo‘llar bo‘lmaydi.
“Uch yildan keyin O‘zbekistonda tuproqli yo‘llar bo‘lmaydi. Hozirgi kunda tuproq yo‘llar faqat O‘zbekistonda emas, Amerikada ham bor. Bunday yo‘llarni butkul yo‘q qilish uchun dastur ishlab chiqdik. Uch yil davomida 29 ming km yo‘lga to‘liq asfalt yotqizamiz. Ta’mirtalab bo‘lib qolgan ichki xo‘jalik yo‘llarini hokimiyatlar bilan birga 4 yil davomida to‘liq ta’mirlaymiz.
Normativ bo‘yicha har yili eng kamida 22 km yo‘l ta’mirlanishi kerak edi. Bizda Mustaqillik yillaridan keyin, ayrim sabablar bilan 2008 yilgacha umuman yo‘llar uchun pul ajratilmagan”, degan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi.
LiveBarchasi