3 viloyatdagi 13 ta tumanda maxsus soliq stavkalari joriy etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlar uchun maxsus soliq stavkalari o‘rnatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu maxsus stavkalar Qashqadaryo viloyatining 5, Navoiy viloyatining 4 va Toshkent viloyatining 4 tumanida amal qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Farmon loyihasida qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettiriladi.

Bunda, 2025 yil 1 yanvarga qadar yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada, foyda solig‘i bo‘yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytirilgan miqdorda hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lash tizimi quyidagi hududlar uchun joriy etiladi:

•  Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor va Nishon tumanlari;

•  Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex va Nurota tumanlari;

•  Toshkent viloyatining Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bekobod tumanlari.

Moliya vazirligi  Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagi loyihalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim:

•  sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun alohida soliq stavkalarni o‘rnatish bo‘yicha qonun;

•  ayrim tumanlarda turizm uchun maxsus soliq rejimi joriy qilish, shu jumladan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlarini hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lash tizmini joriy qilish yuzasidan qonunchilik hujjati.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

290

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing