3 million. So‘nggi 12 soat ichida koronavirusga oid qanday yangiliklar yuz berdi?

Olam

image

So‘nggi 12 soat ichida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qanday yangiliklar bor? Qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bularning bari QALAMPIR.UZ’ning 30 aprel kungi dayjestida.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 3 018 952 kishini tashkil qiladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, deyarli 208 ming bemor vafot etgan. O‘tgan kun davomida dunyoda 66 mingdan ortiq yangi kasallik va 5376 o‘lim holati aniqlandi.

O‘zbekistonda “Covid-19” koronavirus infeksiyasidan yana bir bemor vafot etdi. Marhumning yoshi 61 da bo‘lgan. Mamlakatda koronavirusdan vafot etganlarning umumiy soni 9 nafarga yetdi. 2020 yil 29 aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2002 nafarni tashkil qilmoqda. 1096 nafar bemor shifo topdi.

Facebook bosh direktori Mark Sukerberg COVID-19 pandemiyasi sababli Qo‘shma Shtatlarda joriy etilgan cheklov choralarini shoshilinch olib tashlashning salbiy oqibatlari haqida ogohlantirdi. “Ba’zi joylarda infeksiyani yuqtirish darajasi eng past darajaga tushgunga qadar karantin choralarining bekor qilinishi kelajakda kasallikni avj olishini kafolatlaydi va uzoq muddatli tibbiy va iqtisodiy oqibatlarni yomonlashtiradi”, deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida. Karantin xizmatlarning 70 foizini tashkil etadigan Amerika iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini deyarli to‘xtatdi. Bir oy davomida 22 million kishi ishsiz qoldi.

Xitoyda so‘nggi bir kun ichida koronavirus infeksiyasining faqat to‘rtta yangi holati aniqlandi, 32 bemor shifo topdi, o‘limga olib keladigan natijalar qayd etilmadi. Umuman olganda, Xitoyda 525 kishi hali ham kasal, 13 kishining ahvoli og‘ir, 1339 kishi shifo topdi. Mamlakatda chet eldan yuqtirgan bironta ham odam vafot etgani yo‘q.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Kluge Rossiyaning “Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popovaga Tojikiston va Turkmanistondagi vakolatxonalarga yordam berishni so‘rab murojaat qildi. “Ekspert missiyasi ishida ishtirok etish uchun markazlaringizdan mutaxassislarni jalb qilishda yordam so‘rayman”, dedi u. Ta’kidlanishicha, ushbu mamlakatlarda koronavirus aniqlanmagan bo‘lsa-da, SARS tufayli o‘lim holatlari ko‘paymoqda. Kluge Rossiya yordamining texnik va siyosiy nuqtai nazardan muhimligini ta’kidlagan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov hukumat koronavirusga oid noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim yoetayotganiga ishonmasligini ma’lum qildi. “Ha, bunga aminman”, dedi Peskov RTVI'ga bergan intervyusida. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni 100 mingga yaqinlashib qoldi.

Braziliyada kuniga koronavirus bilan og‘rigan bemorlar soni 9 foizga ko‘payib, 78 162 kishiga yetdi, deya xabar beradi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi. Kun davomida virus 6276 odamda tasdiqlandi. 449 bemor undan vafot etdi hamda ularning umumiy soni 5466 kishini tashkil etadi. 34 132 bemor shifo topgan. Ma’lumot o‘rnida, Braziliya koronavirus qayd etilishi borasida Janubiy Amerika davlatlari orasida birinchi o‘rinda bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

203

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing