26 yoshida Yevropani zir titratgan mitti kapral yoxud Napoleon pakana bo‘lganmi?

Tahlil

image

“O, bu yoshgina Bonapartning qadam tashlashini ko‘ring! U qahramon, u mo‘jizaviy bahodir, u afsungar”.

      Rus sarkardasi Aleksandr Vasilevich Suvorov

Dunyo tarixiga nazar tashlansa, ming-minglab buyuk sarkarda va fotihlarning nomini o‘qish mumkin. Misol uchun Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon, Amir Temur... Bir sarkarda borki, u o‘zining o‘tkir zehni, qudrati, yosh bo‘lishiga qaramay, erishgan yorqin g‘alabalari va notiqlik qobiliyati bilan buyuklar qatoriga kirgan. XVIII asr boshida uning nomini Yevropa, hatto, butun dunyo e’tirof eta boshladi. Bu Napoleon Bonapart edi. Bugungi maqolamizda qoloq bo‘lib qolgan Fransiyani oyoqqa turg‘azgan, ko‘plab mamlakatlarni o‘ziga tobe qilgan Napoleon Bonapart haqida ma’lumot beramiz.

Napoleon Bonapartning yoshligi

XVIII asrning o‘rtasi ado bo‘lib, oxiri ko‘rina boshlagan palla. So‘l kuchlar tomonidan “Buyuk”, deya ulug‘langan, nafaqat Fransiyani, balki butun boshli Yevropani eski tartiblardan xalos etgan, minglab insonlarning orzu-maqsadlari yo‘g‘rilgan, turli xildagi siyosiy kuchlarning qarashlarini o‘zida istifoda etgan burjua inqilobi yetilib kelayotgan davr edi.

Napoleon Bonapart 1769 yil 15 avgust kuni Korsika orolining Ayachcho shahrida kichik mulkdor oilasida dunyoga kelgan. Napoleon tug‘ilishidan bir yil oldin Korsika orolini Fransiya qiroli Lyudovik XV 40 million livrga Genuya Respublikasidan sotib olgan edi. Napoleonning ajdodlari bu orolga XVI asrda ko‘chib kelgan bo‘lib, uning ota-onasi hujjatlarda  italyancha talaffuzdagi “Buonaparte” nomi bilan qayd etilgan. Shuning bilan bir qatorda yosh Napoleonning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida va u o‘qigan “Briyenn” harbiy maktabida ham uning familiyasi ajdodlari singari “Buonaparte” deb yozilgan. Biroq, voyaga yeta boshlagan bo‘lajak qo‘mondon davr ruhidan kelib chiqib, familiyadagi u harfini oldirib tashlagan va chin ma’nodagi fransuzga aylangan.

Bo‘lajak qo‘mondon 1779 yilda “Briyenn” harbiy maktabiga o‘qishga kiradi. O‘qish jarayonida u matematika, tarix va geografiya fanlarini yaxshi o‘zlashtiradi. Napoleon ko‘proq tarix faniga qiziqib, Aleksandr Makedonskiy va Yuliy Sezar shaxsini juda yaxshi ko‘rgan. U 1785 yilda harbiy maktabni ajoyib natijalar bilan tamomlab, kichik leytenant unvonida o‘z harbiy faoliyatini boshlaydi.

Napoleon Bonapart haqidagi mish-mishlar

Tarixdan bilamizki, buyuklarning hayotiga turli xil afsonaviy ijobiy fikrlar bilan bir qatorda salbiy ma’nodagi fikrlar ham qo‘shilib borgan. Jumladan, bugun hikoya qilayotganimiz Napoleon Bonapartning shaxsiyati ham bundan mustasno emas. Shu vaqtga qadar ko‘plab tarixchilar buyuk generalning asosiy kamchiligi bo‘yi pastligi ekanini ta’kidlab kelishgan. Asos sifatida esa Bonapartning xalq orasida “korsikalik diktator”, “kichik korsikalik” va “mitti kapral” laqablari bilan mashhur bo‘lgani keltiriladi.

Bir kuni Napoleonning harbiy maktabdagi do‘stlari “sen kichik bo‘ying bilan otga minguningcha, biz muhorabani yakunlaymiz”, deb uni mazah qilishadi. Shunda yosh Bonapart “muhorabalar men otga mingach boshlanadi”, deya ularga javob beradi. Biroq, ba’zi tarixiy manbalarga ko‘ra, “generalning bo‘yi past”, degan ma’lumot faqatgina Buyuk Britaniya propagandasining mahsuli.

Qadimgi Misrda “Podshoh tirsagi”, degan umumiy ma’nodagi uzunlik o‘lchov birligi mavjud bo‘lib, mazkur birlikning miqdori fir’avnlar tirsagi miqdorida olingan. Xuddi shuningdek, Fransiyada ham davr sharoitidan kelib chiqib, qirollik futi tushunchasi mavjud bo‘lgan. Uning miqdori esa o‘sha vaqtda taxtdagi qirolning oyog‘i uzunligicha hisoblangan. Aynan shu tizimda Napoleonning bo‘yi 5 futu, 6 dyum bo‘lgan. Britaniya tizimida esa 5 fut 3,5 dyumga teng bo‘lgan. Boshqa bir manbalarda uning bo‘yi 169 santimetr ekanligi yozilgan. O‘sha vaqtdagi fransuz erkaklarining o‘rtacha bo‘y ko‘rsatkichi 165 santimetrni tashkil etgan. Solishtirma ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Uinston Cherchill va Aleksandr Pushkinning bo‘yi generalga qaraganda uch santimetrga, Stalinning bo‘yi esa to‘rt santimetrga kichik bo‘lgan. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Napaleonning pakanaligi haqida inglizlar orasida tarqalgan ushbu ma’lumot axborot urushining bir ko‘rinishi, xolos. Yana shuni ham alohida eslab o‘tish o‘rinliki, o‘sha vaqtda xalq orasida “pakanalar vahshiydir”, degan ibora keng tarqalgan edi.

Napoleonning yuksalishi

XVIII asrning oxirlariga kelganda Xalqaro maydonda Fransiyaning obro‘yi tushib ketdi. Urush va soliqlardan qiynalib ketgan xalqning ahvoli tobora og‘irlashayotgan edi. Burjuaziya va zodagonlarning bir qismi qirolning olib borayotgan siyosatidan g‘azablandilar. Fransiya qadam va qadam inqilobga yaqinlashmoqda edi. Ludovik XVI (1754-1793) davrida mamlakatning tashqi qarzi 140 million livrga yetdi. Fransiya boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Napoleonning omad qadamlari asosan 1789 yil 14 iyul kuni Bastiliya qal’asining olinishi bilan boshlandi. Qurol-yarog‘ omborlarini egallab olgan parijliklar Bastiliyani shturm qilishga hozirlanishdi. Barcha tabaqalar qirol zulmining ramzi hisoblangan qal’aga nafrat bilan qarar edi. Ular qal’a komendanti Markiz de Lonedan taslim bo‘lishni talab qilishdi. Ammo soqchilar parlamentyorlarni o‘qlar bilan qarshi olishdi. G‘azabga kelgan olomon ko‘tarma ko‘prik zanjirlarini uzib tashlab, qal’ani ishg‘ol etadilar.

Bastiliyaning olingani haqidagi xabar qirol Lyudovik XVI ga yetkazilganida, u, “Axir, bu isyon-ku!”, deydi. Xabarchi esa “Yo‘q, janob, bu inqilob!”, deya javob beradi. Shu tariqa hokimiyat xalq qo‘liga o‘tdi. Bu orada mamlakat boshqaruvi uchun siyosiy sahnaga yakobinchilar, jirondistlar, radikallar va royalistlar singari o‘ng-so‘l kuchlar chiqib keldi. Betinim kurashlar natijasida mamlakatda  Respublika tuzumi o‘rnatildi. Ammo, monarxiya tarafdorlari respublikachilarni qattiq siquvga ola boshladi. Quturgan royalistlar Konvent (Fransiyada inqilob davrida tashkil etilgan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organ)ni tarqatib yuborish uchun jiddiy kurashdilar. 

Napoleon Konvent tarafdori edi. U 1793 yilning sentyabr oyida royalistlar tomonidan egallab olingan Tulon qal’asini artilleriya yordamida o‘qqa tutib ishg‘ol etdi. Buning evaziga Konvent 26 yoshli Napoleonga  Fransiyaning ichki harbiy kuchlari qo‘mondoni va brigada generali unvonini berdi. 

Napoleonning harbiy yurishlari

Direktoriya (1795-1799 yillarda Fransiya Respublikasini boshqargan hukumat) Avstriya qo‘shinlari egallab turgan Shimoliy Italiya yerlariga yurish qilishni rejalashtirdi. Qo‘shinga qo‘mondonlik qilish uchun bir nechta nomzodlarning nomi ko‘rib chiqildi. Tabiiyki, yagona munosib nomzod Napoleon edi. Shundan so‘ng, yosh general armiyaga qo‘mondon etib tayinlandi.

O‘z armiyasi bilan uchrashar ekan, Napoleon tartibga tushirish lozim bo‘lgan bir gala juldurvoqilarni ko‘rdi. Buning ustiga armiyada jami 30 ming odam va 30 ta to‘p bo‘lib, bu dushmannikidan yetti marta kam edi. Armiya inqilob yillarida tuzilgan bo‘lsa ham, unda demokratik tartiblar yildan-yilga kamayib borayotgan edi. Allaqachon zobitlarni, harbiy sudlarni saylash bekor qilingan, askarlarning jangovar ruhiyati ham so‘nib bo‘lgan edi. 

26 yoshli general shu armiyani jangovar ruhini va jang qilish mahoratini oshirishi lozim edi. Napoleon bu vazifaning uddasidan chiqdi. U avliyo emas edi, ammo askarlarning o‘lja olish ishtiyoqini to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltira oldi.

Yosh qo‘mondon Shimoliy Italiyaga yurishidan oldin qo‘shiniga shunday deb murojaat qildi:

“Askarlar, siz yalang‘ochsizlar va qorningiz ham to‘q emas. Men sizni dunyoning eng hosildor tekisliklariga olib boraman. Boy viloyatlar va katta shaharlar sizning hukmingizda bo‘ladi, siz u yerda hurmat, boylik va shon-sharaf topajaksiz”.

Napoleon urushda armiya o‘zini o‘zi boqishi kerak, deb hisoblar edi. U o‘z armiyasining ruhiyatini yuksaltira oldi. Jangovar ruhiyat qo‘shin generallaridan tortib, to eng so‘nggi nog‘ora chaluvchini ham qamrab oldi. Ayni shu paytda Avstriya qo‘shinlarining ruhiy ahvoli past edi. Askarlar urushni xohlamas, mahalliy aholi ularni yomon ko‘rardi. Butun Shimoliy Italiyada Napoleon “xaloskor”, deb nom chiqardi. Napoleon jangga kirishdan oldin Shimoliy Italiya aholisiga shunday murojaat qildi:

“Italiya xalqlari! Fransuz armiyasi, sizning zanjirlaringizni uzgani keldi. Fransuz xalqi barcha xalqlarning do‘sti! Unga peshvoz chiqinglar. Sizning mulkingiz, sizning odatlaringiz va sizning diningiz daxlsiz bo‘lib qolaveradi. Biz oliyjanoblik bilan va faqat sizlarni qullikda ushlab turgan zolimlarga qarshi jang qilamiz”.

Birinchi to‘qnashuvdayoq fransuz qo‘shinlari g‘alaba qozondi, askarlarning ruhiyati ko‘tarildi va Napoleonning obro‘si oshib ketdi. Yosh qo‘mondoniga ishonmagan ofitserlar va generallar endi uni tantanavor olqishlar edi.


   
1796 yil 10 may kuni Lodi yaqinidagi jangda fransuzlar Avstriya armiyasi ustidan navbatdagi yirik g‘alabaga erishdi. Napoleon 1796 yil 28 aprel kuni Italiyaning shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan Pemoont viloyatini egallab, avstriyaliklar qo‘lidagi Mantuya va Milan qal’asi tomon harakat qila boshladi. 3 iyul kuni Mantuya, 29 iyunda Milan Napoleonga taslim bo‘ldi. 1797 yil 17 oktyabr kuni Napoleon Bonapart Avstriyani sulh tuzishga majbur qildi. Shundan so‘ng, Italiya hududida Fransiyaga qaram bo‘lgan respublikalar tuzildi.

Napoleonning jasurligi afsonaviy edi. U notiq edi, u shamol yanglig‘ uchqur edi. Birgina Italiya jangida Napoleon mingan 19 ta ot o‘ldirildi, Arkol jangida esa o‘qlar yomg‘iriga qaramay, piyoda holda qo‘lida bayroq bilan qo‘shinning oldiga tushib, dushman tomon tashlanadi.

Bosib olingan yerlarda Napoleon feodal qaramlikni yo‘q qildi, cherkov va ibodatxonalarni ba’zi bir yig‘imlardan mahrum etdi, inson huquqlarini mustahkamlaydigan yangi qonunlar kiritdi. Uning bir yarim yil Italiyada bo‘lishi Napoleon Bonapartni tirik afsonaga aylantirdi.

1797 yil 7 dekabr kuni Bonapart Italiyadan Parijga triumfator sifatida kirib keldi. Direktoriya uni Lyuksemburg saroyida kutib oldi. Napoleonning g‘alabalari ichki siyosiy masalalarni hal qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan kuch sifatida armiyaning obro‘sini oshirib yubordi.

1797 yilda Napoleon Bonapart Direktoriyaga xat yozadi. Unda shunday deyilgan edi:

“Biz Angliyani yengish uchun Misrga ega bo‘lishimiz kerakligini tushunadigan vaqtimiz uzoq emas”. 

Tez orada, Napoleon Direktoriyaga yurish rejasini taqdim etdi va hukumat uni tasdiqladi. Bonapart bu yurishga katta tayyorgarlik ko‘rdi. U Aleksandr Makedonskiy Sharqqa yurish qilayotganida o‘zi bilan turli olimlarni olib ketganligini eslab, o‘zi bilan 167 nafar botanik, kimyogar, tarixchi va boshqa olimlarni olib ketadi. 1798 yil 19 may kuni Napoleon Bonapart 38 minglik qo‘shin va 350 kema bilan Tulon portidan Misrga qarab suza boshladi. O‘sha vaqtda Misr rasmiy ravishda Usmoniylar imperiyasiga qarashli edi, ammo amalda uni mahalliy harbiy-feodal mulkdorlar boshqargan. Napoleon olti hafta ichida O‘rta Yer dengizini kechib o‘tdi. Uning qo‘shini Aleksandriya shahri yaqinida qirg‘oqqa tushdi. Shu tariqa, Napoleon Bonapart Misr yerlarini egallashga kirishdi.

Kelgusi maqolamizda Napoleonning Sharqqa qilgan harbiy yurishlari hamda Imperator sifatida taxtga chiqishi haqida ma’lumot beramiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

468

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing