2023 – Zo‘rdan zo‘r chiqqan yil
Tahlil
−
31 dekabr 2023
38877Tugayotgan yil avvalgilariga qaraganda daxlsizdek ko‘ringan amaldorlarning lavozimlaridan olinishi bilan yodda qoldi. Erkalanib ketgan hokimlardan tortib, mamlakatning eng yuqori tashkiloti – Prezident Administratsiya rahbarining lavozimidan olinishi, hokimiyatdagi kuchlar almishinuvi e’tibor markazida bo‘ldi. Oddiy tumanning haddini unutgan hokimlari, korrupsiyaga berilib, nafs botqog‘iga botgan amaldorlar yoki shunchaki kuchlar bahsida yengilgan kuchsizlar bugun QALAMPIR.UZ’ning yillik sarhisobida.
Xayr, Ortiqxo‘jayev!
2023 yil boshi nafaqat poytaxt Toshkent, balki butun respublika uchun shov-shuvli iste’fo bilan boshlandi. Mamlakatda kuzatilgan anomal sovuq va energetik inqiroz, poytaxt tumanlarining bir necha kunlab gaz va “svet”dan uzilib qolishi ortidan 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish o‘tkazildi va unda 2018 yilning aprelidan buyon Toshkent shahar hokimi lavozimini egallab kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan olingani aytildi. Hokimbuvaning o‘zi ushbu yig‘ilishda ishtirok etmadi.
"Shuncha gapirganimiz bilan Vazirlar Mahkamasi mas’ullari qayerga qarayapti, degan savol meni qiynayapti. Shu bois qish mavsumiga lozim tarzda tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevni ishdan oldim. Kechasi shtabda men uni ishdan oldim. Quruq gap, yolg‘on hisobot bilan, pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim", deya izohladi Ortiqxo‘jayevning lavozimidan olinishini Mirziyoyev.
Ortiqxo‘jayevning mas’uliyatsizligi sabab poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan ob’ektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.
Salom, Rahmonov!
O‘sha kunning o‘zida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev shahar prokurori etib tayinlandi.
Ushbu yig‘ilishda qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Xo‘jayev iste’foga chiqarildi. Biroq, oradan bir oy o‘tar-o‘tmas Xo‘jayev yana vazirlikka qaytarildi va Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha loyiha ofisi direktori lavozimiga tayinlandi.
O‘sha kuni Prezident Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevga ogohlantirish berdi. Chirchiq shahar hokimi Davron Xidoyatov esa “hayfsan” oldi.
Ortiqxo‘jayev ortidan Toshkentning Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkat Irgashev va Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev lavozimidan ozod etildi va hokim vazifasini bajaruvchi lavozimiga tushirildi. Prezident lavozimidan ozod etilganlar faoliyatini Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura tekshirishini aytdi. Ammo oradan bir yil vaqt o‘tdi hamki, bu tekshiruvlar qanday o‘tkazilgani va unda nimalar aniqlangani bo‘yicha ma’lumot berilmadi. Ortiqxo‘jayev esa ayni damda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirmoqda.
Ortiqxo‘jayev hokimlik ortidan senatorlik va Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi raisi lavozimlari bilan ham xayrlashdi.
Xayr, Rahmonov!
Jahongir Ortiqxo‘jayevdan qolgan o‘rinni egallab, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajargan 64 yashar Baxtiyor Rahmonov tayinlovidan ikki hafta o‘tib, poytaxtning 3 ta tumani hokimi (Mirzo Ulug‘bek tumani – Shavkatbek Turdiyevich Ergashev, Uchtepa tumani – Farhod Ravshanovich Abdullayev va Yunusobod tumani – Bahodir Abdulxayevich Abduvaliyev)ga hayfsan berish haqidagi farmoyishni imzoladi.
“O‘zavtosanoat” kompaniyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Umurzoqov 23 mart kuni Toshkent shahar hokimi etib tayinlandi. Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida 67 kun ishlagan Baxtiyor Rahmonov esa 28 mart kuni imzolangan qaror bilan Toshkent shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, to‘g‘rirog‘i eski kursisiga qaytarildi.
Umurzoqov ham daxlsiz bo‘lib chiqmadi
Ortiqxo‘jayevdan so‘ng yuqori tizimda yana bir katta ketish yuz berdi va bu shunchaki ketish bo‘lmay, yil shov-shuviga ham aylandi. Gap Prezident Administratsiyasi rahbari bo‘lgan Sardor Umurzoqov haqida ketmoqda. 2022 yilning 16 iyul kuni davlat rahbari farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangan Umurzoqov joriy yilning 17 avgust kuni ishdan olindi. U nima uchun bu lavozimdan chetlatilgani sabablari ochiqlanmadi, ammo uning ketishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimi ham tugatildi. Shuningdek, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Administratsiya tuzilmasiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, Administratsiya rahbari lavozimiga mos ravishda uning hududlardagi yordamchilari lavozimlari, Administratsiya rahbarining hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari va ushbu kotibiyatlar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi ham tugatildi.
Umurzoqov esa ishsiz qolgani yo‘q. U shu kunning o‘zida Prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Ammo u shundan keyin jamoatchilikka ko‘rinish bermadi.
Faqatgina oradan qariyb 5 oy o‘tib, Umurzoqov qayerdaligi ma’lum bo‘ldi. Gap shundaki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti Linkedin sahifasiga o‘zining Sardor Umurzoqov bilan tushgan suratini joyladi.
Umurzoqov ortidan uning yordamchisi, Prezident Administratsiyasi rahbari yordamchisi Sunnatilla Bekenov lavozimidan ozod etildi. Asli Qozog‘istonda tug‘ilgan Bekenov turli yillarda Moliya vazirligida bir qancha lavozimlarda ishlagan. U 2022 yilda esa Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqovning yordamchisi etib tayinlangandi.
Shuningdek, 2017-2019 yillarda Samarqand shahri hokimi bo‘lgan Furqat Rahimov Prezidenti Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati tahliliy materiallarni tayyorlash va Administratsiya bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi mudiri lavozimidan ozod etildi.
U 2022 yil 1 noyabrdan boshlab Prezident Administratsiyasining Tahliliy materiallar tayyorlash va bo‘limlari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi mudiri lavozimiga tayinlangan.
Mirziyoyeva va Allamjonov tandemi
Umurzoqovning shov-shuvli ketishi bilan bir vaqtda yangi bir yangi – Prezident yordamchisi lavozimi joriy etildi. Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Shavkatovna Mirziyoyeva esa ushbu lavozimga tayinlandi.
Bunga qadar Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri lavozimida ishlab kelayotgandi. E’tiborli jihati, yordamchi lavozimi bir emas, ikkita. Bungacha Prezident Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Aziz Mag‘rupov ham endi Prezident yordamchisi maqomi degan nomni tashimoqda.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan Komil Allamjonov 25 avgust kuni Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi.
Toshkent viloyatidagi katta tozalash
Ketishlarni yana hokimlardan davom ettirsak. Bu safargi ishdan olinishlar ham qizig‘i avgust oyida yuz bergan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida katta yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu yig‘ilishda viloyat hokimligi tarkibida bir qancha “tozalash”lar amalga oshirildi. Yig‘ilishda Qibray tumani hokimi Mira’zam Mirqosimov ishdan olindi. Qibray tumaniga 2018 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Mira’zam Qosimov faoliyatida bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani “uchgani” aytildi. Shundan so‘ng, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham viloyat hokimligi tizimida bir qancha tozalashlarni amalga oshirdi.
“Qibray tumani hokimining o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa barcha mutaxassislari bugundan boshlab vazifasidan ozod qilinadi. Ularning faoliyatiga huquqiy baho beriladi, “toza” chiqsa, keyin ishini davom ettiradi”, dedi o‘shanda Zoyir Mirzayev.
Qosimov o‘rniga Muzaffar Abrorovich Rashidov Toshkent viloyatining Qibray tumaniga hokim etib tayinlandi. Rashidov 1987 yilda Toshkent viloyati Zangiota tumanida tug‘ilgan. 2009 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. U ushbu lavozimga tayinlangunga qadar, Ohangaron tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan.
Kusherboyev ko‘chada qolmadi
Hadeb ishdan olinganlarni aytaverar ekan-da, demang. O‘z lavozimidan mardlarcha va o‘z xohishi bilan ketganlar ham bo‘ldi. Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev 2022 yilda deputatlik faoliyatini o‘z xohishi bilan yakunlagandi. Shundan so‘ng u 2023 yilda Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U parlamentda uning fikri eshitilmagani uchun deputatlikdan ketishga qaror qilgandi.
Tursunov ketib, Toshxo‘jayev keldi
Yuqorida aytganimizdek, avgust oyi ishdan olish-qo‘yishlarga boy bo‘ldi. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida ishlagan polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan davrlarida tilga tushgan. U 2019 yilning iyul oyiga qadar ushbu lavozimda faoliyat yuritdi. Iyul oyida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
2020 yilning 21 yanvar kuni Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimini egalladi.
Shuningdek, 2022 yilning fevralidan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Ulug‘bek Tursunov endilikda faoliyatini Ichki ishlar vazirligida davom ettirishi ma’lum qilindi.
Vazir o‘rinbosari Farg‘onani boshqaryapti
Bundan tashqari, shu yilning 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida o‘tkazgan yig‘ilishida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayevni lavozimidan ozod etdi.
Shavkat Mirziyoyev viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qilgan. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayevni ishdan olgan. Uning o‘rniga Aziz Ikromov Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U 2019 yildan beri Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Bundan ham oldin u Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Viloyat hokimligidan tumanga “yiqilgan” Bobolov
“Yiqilgan kurashga to‘ymas”. Bu ta’rif hammadan ham Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga mos va xosdir. Shu yilning 1 avgust kuni To‘ra Bobolov Abdiyevich Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar To‘ra Bobolov Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, u 2019 yil 1 maydan Surxonadaryo viloyati hokimi bo‘lgandi. U shu davrda so‘kong‘ich hokim nomi bilan ham tanilishga ulgurgandi. Uning o‘rniga Prezident farmoni bilan Ulug‘bek Qosimov Berdiqobilovich hokim etib tayinlandi.
LiveBarchasi