2023 yili 74,4% bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishi aytildi
Jamiyat
−
29 yanvar 2023
6348Joriy yilda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74,4 foizga, jumladan, 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasi 92 foizga yetkaziladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva ma’lum qildi.
Brifingda ta’kidlanishicha, yil davomida davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi 1 ming 600 ta nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Jahon banki mablag‘lari hisobidan 35 ta jihozlangan avtobuslar negizida 70 ta mahallada 140 ta “Aqlvoy” mobil guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
8 mingta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 23 nomdagi o‘quv-uslubiy va didaktik materiallar bilan ta’minlanadi. 6 yoshli bolalar ta’limiga ehtiyoj mavjud bo‘lgan hududlarni ota-onalar talablariga binoan aniqlash maqsadida maxsus elektron platforma ishlab chiqish belgilangan.
Asqarxo‘jayevaning qo‘shimcha qilishicha, maktabgacha ta’lim tizimida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, sog‘liqni saqlashning birlamchi tizimi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari takomillashtiriladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada jami 29 420 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Maktabgacha yoshdagi 2,9 mln nafar boladan 2,1 mln nafari yoki 71,8 foizi maktabgacha ta’limga qamrab olingan bo‘lsa, ularning 647 655 nafarini (90%) 6 yoshli bolalar tashkil etmoqda.
LiveBarchasi