2023 yildan noyob ob’ektlar loyihasi uchun majburiy tanlov o‘tkaziladi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2022
5864Ommaviy ahamiyatga ega ob’ektlar eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun arxitektura tanlovi majburiy o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining kecha, 22 sentyabr kuni qabul qilingan “Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan ta’lim vazirliklari, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va Sport vazirliklari huzuridagi buyurtmachi xizmatlari va ularning hududiy filiallari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallari tugatiladi.
Tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining ishlari hokimliklar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
2023 yil 1 yanvargacha yuqoridagi injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shakli davlat unitar korxonasi shakliga o‘zgartiriladi.
2023 yil 1 yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar bo‘yicha buyurtmachi xizmatlarining biznes-rejasi ularning muassisi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
2022 yil 1 dekabrgacha Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri ishlab chiqiladi.
Loyihaning qiymati yoki kapital qo‘yilmalar limitlarini maqbullashtirishda buyurtmachi xizmatiga to‘lanadigan xizmat haqini kamaytirish taqiqlanadi.
2023 yil 1 aprelgacha “Shaffof qurilish” tizimida texnik nazorat ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarni baholash platformasi joriy qilinadi.
2023 yil 1 yanvardan ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim ob’ektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovi majburiy o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, Qurilishda texnik me’yorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.
2023 yil 1 iyulgacha fuqarolar uchun geolokatsiyasi ko‘rsatilgan holda, qurilish uchun berilgan barcha hujjatlar, qurilish nazoratini olib borishda chiqarilgan xulosalar bilan tanishish imkonini beruvchi ochiq elektron tizim yaratiladi.
LiveBarchasi