2023 yildan Qoraqalpog‘iston tadbirkorlariga yirik soliq imtiyozlari beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qoraqalpog‘iston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, infratuzilmaviy shart-sharoitlarni yaratib berish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlarida innovatsion jarayonlarning jadallashuviga erishish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish va hududni jadal sur’atlarda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

•    hududning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash;

•    yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish;

•    ta’lim sohasida qo‘shimcha imkoniyatlar va inson kapitali rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga shart-sharoit yaratish;

•    ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududning investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yoshlar bandligini ta’minlash yo‘nalishi doirasida:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida joylashgan va shu hududda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari uchun 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

•    foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilgan holda;

•    ijtimoiy soliq kamaytirilib, 1 foiz miqdoridagi soliq stavkasida;

•    yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanayotgan ijtimoiy soliq shaharlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 12 baravarga, tumanlar hududida faoliyat yuritayotganlar uchun 6 baravarga kamaytirilib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilansin.

Bunda yirik soliq to‘lovchilar, doimiy muassasalar, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslarga mazkur bandda belgilanayotgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;

b) 2022 yil 1 oktyabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda:

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilishda, shu jumladan, eksport qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun xarid qilingan xomashyoni respublika bo‘ylab tashishda transport xarajatlarining 70 foizi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Hukumat komissiyasi) tomonidan belgilangan ro‘yxatga asosan Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berilsin;

•    ajratiladigan kredit summasining 75 foizigacha (75 foizi ham kiradi), biroq umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kafilliklar taqdim etilsin;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etilsin.

Bunda ajratilgan mazkur kredit mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflari asosida Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) tomonidan taqsimlanadi;

g) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (M.Ubaydullayev, A.Kamalov, D.Sultanov) Qoraqalpog‘iston Respublikasida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2022 yil yakuniga qadar dastur uchun ajratilgan resurslar hisobidan qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m kredit ajratilishini ta’minlasin.

Belgilansinki, qonunchilikda mazkur banddagidan ortiq soliq imtiyozlari nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay soliq imtiyozlari tatbiq etiladi.

Mo‘ynoq tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qonunchilikda soliq imtiyozlarining kengaytirilgan ro‘yxati mavjudligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat banklariga va “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo qilish. Faza II” loyihasi doirasida moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan 100 million AQSH dollari ekvivalentida quyidagi shartlar va yo‘nalishlardagi kredit liniyasini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

a) 95 million AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi. Bunda:

•    tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish (bundan uy-joy qurilishi, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish holatlari mustasno) uchun yillik 14 foiz stavkada, 7 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 10 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi;

•    ajratilgan mazkur kredit liniyasidan moliyalashtiriladigan loyihalar ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tavsiyasiga asosan Hukumat komissiyasi (J.Xodjayev) tomonidan shakllantiriladi;

b) “Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini barpo qilish. Faza II” loyihasi doirasida moliyalashtirish ishlarini tashkil qilish uchun 5 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasi mablag‘lari ajratiladi.

Bunda Jamg‘arma Suv xo‘jaligi vazirligiga 2023 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida 5 million AQSH dollari miqdorida qisqa muddatli kredit ajratsin va ushbu kredit keyinchalik loyiha buyurtmachisi – Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasining Nukus filialiga o‘tkazilsin.

Suv xo‘jaligi vazirligi Jamg‘armaning jalb qilinadigan kreditini oluvchi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasining Nukus filiali ushbu kreditlarning maqsadli va samarali foydalanishiga javobgar ijroiya organ hisoblanadi.

Moliya vazirligi 2023 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan muddatda Jamg‘armadan jalb qilingan kreditni qaytarish va unga hisoblangan foizlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan to‘lov kunidagi valyuta kurslari bo‘yicha farqni hisobga olgan holda AQSH dollari ekvivalentida Jamg‘armaga Davlat byudjetidan qaytaradi.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (J.Xodjayev) mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

•    ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan va ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga bepul asosda ko‘maklashuvchi “Investorlarga ko‘mak markazi”ni;

•    “Investorlarga ko‘mak markazi” qoshida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida maydoni kamida 10 gektar bo‘lgan ishlab chiqarish texnoparkini tashkil etsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 15 sentyabrdan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar, istisno tariqasida, yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish maqsadida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishda:

a) eng yaxshi takliflar 5 million AQSH dollari ekvivalentidan boshlab ko‘rib chiqiladi;

b) ishchi organ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hisoblanadi;

v) quyidagilar:

•    yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish;

•    eng yaxshi taklif deb tanlab olingan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi investorlarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinsin:

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan barcha soliq to‘lovchilardan undiriladigan soliqlar 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishning tasdiqlangan miqdorlaridan kam bo‘lmagan miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetiga o‘tkaziladi;

•    maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari xodimlarining, jumladan, tarbiyachi va o‘qituvchilarning ish haqi hamda unga nisbatan hisoblangan ijtimoiy soliq to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan amalga oshirish tartibi saqlab qolinadi.

Bunda soliq imtiyozlari joriy etilishi sababli yuzaga keladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti daromadlaridagi yo‘qotishlar O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan byudjetlararo tartibga soluvchi transfertlar hisobiga to‘liq qoplanadi.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash va respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish hamda og‘ir sharoitli hududlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish maqsadida 2022 yil III chorakdan boshlab 2024 yil yakuniga qadar har chorak yakuni bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi, istisno tariqasida, to‘liq Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoldirilsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish yo‘nalishi doirasida:

a) 2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida auksion savdolarida realizatsiya qilinadigan foydali qazilma konlari va istiqbolli uchastkalar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari:

•    mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga boshlang‘ich qiymati 50 foizga kamaytirilgan holda chiqarilsin;

•    mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolari orqali realizatsiya qilinishidan tushadigan mablag‘lardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjetiga yo‘naltiriladigan qismining 50 foizi mazkur yer uchastkalari joylashgan tuman (shahar)lar byudjetiga ularning qo‘shimcha manbalari sifatida o‘tkazilsin;

v) xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini (bundan hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar, ularni baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamg‘armasiga maqsadli yo‘naltirilsin;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida tadbirkorlikni rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–264-son qarorining 1-bandida nazarda tutilgan davlat aktivlarini hamda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolarida sotib olishda qo‘llaniladigan qoidalar Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida joriy etilsin;

d) Bosh vazir o‘rinbosarlari Sh.G‘aniyev va J.Xodjayev Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A. Voitov), Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.Xamroyev), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) va Kadastr agentligi (F.Pulatov) bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvarga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv hisobini yuritish, yo‘qotishlarni kamaytirish va suv ta’minotini barqarorlashtirish dasturini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin.

Bunda suv ta’minotini yaxshilash jamg‘armasini tashkil etish va unga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarni, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini rekonstruksiya qilish uchun ko‘zda tutilgan byudjet mablag‘larini yo‘naltirish ko‘zda tutilsin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratish yo‘nalishi doirasida:

a) fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartiriladigan, aholi punktiga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlardan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlari 2-ilovaga muvofiq dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga, istisno tariqasida, 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berilsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–52-son qarori talablariga asosan meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha, ammo gektariga 7 million so‘mdan oshmagan miqdorda yillik 14 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada, 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Bunda Markaziy bank (B.Zaxidov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi fermer xo‘jaliklariga 200 milliard so‘m va mazkur Farmonning 9-bandi “a” kichik bandiga asosan ochiq elektron tanlov orqali ekin maydonlarini ijaraga olgan dehqon xo‘jaliklari uchun 50 milliard so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilishini ta’minlasin;

v) Vazirlar Mahkamasi (Sh. G‘aniyev, J. Qo‘chqorov) bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining notekisligini va suv resurslarining me’yordan ortiq sarflanishini bartaraf etish maqsadida 2022-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar yordamida tekislash uchun har bir gektariga subsidiya ajratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan ko‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4576-son qarorining 3-bandida belgilangan subsidiya ajratish tartibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 2 yil muddatga uzaytirilsin;

d) Moliya vazirligi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qoraqalpog‘istondagi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer maydonlarini sug‘orish uchun chuqurligi 5 metrdan ortiq bo‘lgan har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ilash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashga quduqning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilishini ta’minlasin;

ye) Vazirlar Mahkamasi (Sh. G‘aniyev, J. Qo‘chqorov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 noyabrdagi “Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–7-son qarori talablariga muvofiq, 2023 yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan kamida 200 ta yangi yuqori unumli kombinatsion texnikalarni xarid qilish uchun subsidiyalar ajratilishini ta’minlasin.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim sohasida qo‘shimcha imkoniyatlar va inson kapitali rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga shart-sharoit yaratish yo‘nalishi doirasida:

a) Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi (A. Aripov) Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining zarur ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha shakllantirilgan buyurtmasiga muvofiq, o‘n kun muddatda 2022/2023 o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 500 nafar, keyingi o‘quv yillari uchun esa har yili 1 sentyabrga qadar 6 500 nafar yoshlarning viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilinishini ta’minlasin.

Bunda mazkur qabul ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan talabalarga ajratilgan ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan qoplab berish imkoniyati yaratilsin;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat oliy ta’lim muassasalarini salohiyatli professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash maqsadida 2023 yildan boshlab mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ekologiya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va qurilish yo‘nalishlari bo‘yicha tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yilsin;

v) 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha bitimlarni imzolash, istisno tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshirilsin;

g) 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab 5 yil muddatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘quv jarayoni uchun jalb etilgan xorijiy mutaxassislar (o‘qituvchilar) O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun undiriladigan to‘lov, O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasi olish uchun konsullik yig‘imlari va yashash joyida ro‘yxatga olish uchun undiriladigan davlat boji to‘lashdan ozod etilsin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish yo‘nalishi doirasida 2022 yil 15 sentyabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun temir yo‘l va aviayo‘lovchilar chiptalarini sotish 50 foizlik imtiyozli tariflar bo‘yicha amalga oshirilsin hamda yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalarning ushbu imtiyoz taqdim qilish bilan bog‘liq xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilsin.

Transport vazirligi Moliya vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va rezident aviakompaniyalar bilan birgalikda bir oy muddatda yo‘lovchilarning tegishli toifalari uchun maxsus tariflarni tasdiqlasin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Moliya vazirligi 2022 yil 1 oktyabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlangan kam ta’minlangan oilalarga qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun (ko‘mir, suyultirilgan gaz, oziq-ovqat, boshqa zaruriy ehtiyojlari uchun) har bir kam ta’minlangan oilaga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam pullarini ajratish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetiga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan qo‘shimcha 100 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi 2022 yil 25 oktyabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan har bir oilaga qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun ajratilayotgan bir martalik moddiy yordam pullari to‘liq to‘lab berilishini ta’minlasin hamda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot bersin.

14. A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tgan qismi bo‘ylab yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, savdo va servis ob’ektlarini joylashtirish maqsadida:

•    Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 4-ilovaga muvofiq jami 809 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari va o‘rmon fondi yerlarini, shundan 85,6 gektar sug‘oriladigan yer uchastkalarini (keyingi o‘rinlarda – tanlangan yer uchastkalari) aholi punktlarining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlari toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi xulosasi;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani, “Aktuba” OFY 3718q konturdagi 2 gektar va Xo‘jayli tumani, “Kulab” OFY 59q, 60q, 60aq konturdagi 3,7 gektar yer maydonida tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yerlarining yaylov yer toifasini sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosasi;

•    Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qurilish vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligining tanlangan yer uchastkalarini master-reja asosida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, savdo va servis ob’ektlarini joylashtirish uchun elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Kadastr agentligi mazkur bandga asosan yer resurslarining holati to‘g‘risidagi milliy hisobotga o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.

Belgilansinki, tanlangan yer uchastkalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar hamda o‘rmon fondi yerlari toifasidan chiqarilishi munosabati bilan hisoblanadigan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlar, istisno tariqasida, undirilmaydi.

15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ikki oy muddatda:

•    tanlangan yer uchastkalarining belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilishi, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi hamda elektron onlayn-auksionga chiqarilishini;

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda tanlangan yer uchastkalarining master-rejalari ishlab chiqilishini ta’minlasin.

16. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafoyev) yil yakuniga qadar A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘lining To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan o‘tgan qismini rekonstruksiya qilishga xalqaro moliya institutlaridan dastlabki hisob-kitoblarga asosan 160 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar jalb etilishini ta’minlasin.

17. Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov) Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasining tumanlarida aholi uchun yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini taqdim etish va 2023-2026 yillarda ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylarni qurish parametrlarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin.

18. Belgilansinki, mazkur Farmonning 8-bandi “b” kichik bandining uchinchi xatboshisida va 10-bandining “g” kichik bandida nazarda tutilgan qoidalar O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida tatbiq etiladi.

19. Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmonning 2-bandi va 10-bandining “g” kichik bandidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:

•    mazkur Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmog‘ida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlanishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;

•    mazkur Farmonga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning atroflicha yoritib borilishini;

•    amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotning aholiga yetkazilishini ta’minlasin.

21. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Ushbu Farmonning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2022 yil 31 avgust


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing