2023 yilda o‘zbek sporti kimlarni yo‘qotdi?
Tahlil
−
29 dekabr 2023
10613Ortda qolayotgan 2023 yil o‘zbek sporti uchun sermahsul natijalarga boy bo‘ldi. Dunyo arenalarida o‘zbek sportchilari turli probadagi medallarni qo‘lga kiritdi. Misol uchun, 2023 yil sportidagi asosiy voqeliklardan biri Xanchjouda o‘tgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng sermahsul natijani qayd etdi. 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medaliga ega chiqqan o‘zbekistonlik atletlar jami 71 ta medal bilan umumjamoa hisobida 5-o‘rinni band etdi.
2023 yil o‘zbek para sporti uchun ham ahamiyatli yil bo‘ldi. Jumladan, “qit’a paralimpiadasi”da O‘zbekiston vakillari 79 ta medal jamg‘arib, musobaqalar tarixidagi eng sermahsul natijasiga erishdi.
Biroq “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida o‘zbek sportida bir qator yo‘qotishlar ham kuzatildi. O‘zbek sporti ortda qolayotgan yilda ko‘plab sport mutaxassislari, ustoz murabbiylardan ayrildi.
Mahmudjon Yunusov
23 mart kuni O‘zbek shaxmati faxriysi, taniqli hakam Mahmudjon Yunusovich Yunusov 94 yoshida vafot etdi.
Mahmudjon Yunusov 1929 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U milliy toifadagi hakam sifatida ko‘plab respublika turnirlarida hakamlik qilgan.
Viktor Jalilov
7 may kuni Futbol bo‘yicha murabbiy Viktor Jalilov vafot etdi.
Viktor Jalilov 1952 yil 17 mart kuni Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent sport maktab-internatida tahsil olgan. Jalilov maktab-internatni tamomlagach, “Paxtakor”ga olib ketilgan va u yerda harbiy xizmatga chaqirilgunga qadar o‘ynagan. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, Toshkent Jismoniy tarbiya institutida tahsil olib, Namanganning “Tekstilshchik” jamoasida o‘ynab, futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Jalilov murabbiylik faoliyatini Xalqobodning “Sohibkor” jamoasida boshlagan. 1995 yilda Namanganning “Navbahor” jamoasini boshqarib, O‘zbekiston chempionatining bronza medali sohibiga aylandi. 1996 yilda u jamoa bilan mamlakat chempionati va kubogini qo‘lga kiritib, “oltin dubl”ga erishdi. U O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.
1997-1999 yillarda “Navbahor” bilan birga yana uch marta bronza medali sohibi bo‘lgan.
2000 yilda “Paxtakor”ga qaytib, ikki yil murabbiy yordamchisi bo‘lib ishlab, 2002 yilda esa klub bosh murabbiyi bo‘ldi. Mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritib, “oltin dubl”ni takrorlashga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng ikkinchi bor O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.
2005 yilda Muborakning “Mash’al” jamoasini boshqargan va chempionatda kumush medallarni qo‘lga kiritgan. O‘shanda u uchinchi marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deya qayd etilgan.
2010 yilda Namanganning “Navbahor” jamoasida ishlagan ammo qoniqarsiz natijalar uchun ishdan bo‘shatilgan.
2015 yilda Viktor Jalilov 22 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaga yangi bosh murabbiy etib tayinlangan.
Aida Hasanova
23 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, mashhur sportchi Aida Hasanova 39 yoshida to‘satdan vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, sportchi kosmetologik operatsiya davomida noto‘g‘ri dori vositasi qo‘llanilishi oqibatida shokka tushgan. Biroz vaqt o‘tgach, u 16-shahar shifoxonasiga olib borilgan. Hasanova taxminan kechki soat 19:00 larda shifoxonada vafot etgan.
Aida Hasanova 1983 yil 4 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi, 2001-2006 yillarda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan.
2014 yilda Aida O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib uch qurol turi bo‘yicha xalqaro qilichbozlik hakami bo‘lgan. O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining hakami sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Aida Hasanova Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarining qilichbozlik sport turida hakam sifatida ishlagan birinchi markaziy osiyolik mutaxassis hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi besh nafar qilichbozlik hakami deb ham e’tirof etilgan.
“Aidadan qilichbozlik sport turi oilasiga yorqin xotiralar qoldi. Aida ushbu sport turini sevganlarning qalbida mangu barhayot”, deyiladi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi xabarida.
Nikolay Lyubarsev
13 iyun kuni futbol darvozaboni, SSSR sport ustasi Nikolay Lyubarsev 81 yoshida vafot etdi.
“Futbolimiz o‘tmishidagi taniqli darvozabonlardan biri Nikolay Lyubarsevning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.
Nikolay Lyubarsev 1942 yil 1 noyabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Taganrog futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Professional futboldagi faoliyatida “Paxtakor”, “Traktor Pavlodar”, “Torpedo Taganrog”, “Torpedo Taganrog” futbol klublari safida o‘ynagan. SSSR chempionati Oliy ligasida umumiy 150 ta o‘yin o‘tkazgan va 1967/1968 yilgi SSSR kubogi finalchisi bo‘lgan.
Shuningdek, “Paxtakor”, “Zarafshon”, “Kosonsoy”, “Xorazm”, “Yangiyer” va “Navbahor” kabi futbol klublariga murabbiylik qilgan.
Mavlon Shukurzoda
1 iyul kuni o‘zbekistonlik taniqli sport jurnalisti Mavlon Shukurzoda 69 yoshida vafot etdi. U 1954 yilning 31 may kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Alimkent shaharchasida tug‘ilgan.
Mavlon Shukurzoda “Paxtakor” futbol klubining faoliyatini keng ommaga yoritishda o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Jurnalist “Paxtakor-79” filmining suratga olinishida konsultant sifatida ish olib borgan.
“Ustoz jurnalist, o‘zbek futbolida ensiklopedik ma’lumotlar egasi edi. Assotsiatsiyaning faxriylar ishtirokidagi barcha tadbirlarida faol qatnashib kelgandi. Juda madaniyatli, hushmuomala va nurli odam sifatida eslab qolamiz. Alloh rahmat qilsin”, deydi futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum jurnalist joriy yilning 3 iyul sanasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Axbor Imomxo‘jayev xotira turnirida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan.
“Mazkur musobaqada faxriylar, jurnalistlar, yaqinlar ishtirok etadi. Ular orasida yaxshi inson, ajoyib jurnalist, Paxtakor va umuman o‘zbek futboli fidoyilaridan biri Mavlon aka Shukurzoda ham bor edi. 69 yoshda bo‘lishiga qaramay, Axbor aka xotira turnirida ishtirok etaman deb, 14-raqamni tanlab olgandi”, deydi O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev.
Elmar Aminov
9 noyabr kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasining (hozirgi O‘FA – tahr.) sobiq prezidenti Elmar Aminov 91 yoshida vafot etdi. Elmar Aminov 1932 yilning 23 yanvar kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. U Sankt-Peterburg jismoniy tarbiya institutini tamomlagan.
Aminov talabalik davrida shaybali xokkey bilan professional tarzda shug‘ullanib, sportning shu turi bo‘yicha sport ustasi bo‘lgan.
1956 yilda “Paxtakor“ futbol klubi boshlig‘i va bir vaqtning o‘zida Futbol federatsiyasi prezidenti etib tayinlangan. Elmar Aminov shuningdek, 27 yil davomida Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasini, keyin esa O‘zbekiston Turizm kengashini boshqargan.
“Taniqli sport va jamoat arbobi, o‘zbek futboli rivojiga ulkan hissa qo‘shgan inson Elmar Aminovning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildiramiz”, deb yozadi Assotsiatsiya matbuot xizmati.
LiveBarchasi