2023 yilda qaysi mamlakatlar osmono‘par binolarni foydalanishga topshiradi?

Bu qiziq

image

Dunyo mamlakatlari o‘zining arxitekturasini yildan-yilga yangi binolar bilan boyitib kelmoqda. Ularning aksariyati baland, osmono‘par binolar bo‘lib, katta qulayliklarni o‘zida qamrab olgan. 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan baland binolar ro‘yxatini “The B1M” sayti taqdim etdi.

5. “Ciel Tower” binosi, BAA 

Dubay kelasi yilda dunyodagi eng baland mehmonxonani qurib yana bir jahon rekordini yangilamoqchi. 365 metr balandlikdagi “Ciel Tower” hozirgi eng baland mehmonxona bo‘lgan, Dubaydagi 356 metrlik “Gevora”ni orta qoldirish arafasida turibdi. Mehmonxonada 1000 dan ortiq xonalar mavjud bo‘lib, 300 metr tepada joylashgan ochiq ayvonga ham egadir. Bu mehmonxona binosi ham Dubayning boshqa inshootlari kabi “yashil” qurilish asosida qad rastlagan bo‘lib, binoning 82 qavati bo‘ylab landshaft terasalar joylashgan.

Ma’lumot o‘rnida, dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan shaharlar qatoridan joy olgan Dubay, 2022 yilning o‘zida 8 milliondan ortiq xorijlik mehmonlarni qabul qildi. Amirlikda 769 ta mehmonxona mavjud bo‘lib, ulardagi jami xonalar soni 117 434 tani tashkil qiladi.

4. “Hengfeng Guiyang Center Tower 1” binosi, Xitoy 

2023 yilda foydalanishga topshiriladigan “Hengfeng Guiyang” binosi 5 ta kuzatuv maydonchasiga ega Xitoydagi yagona turar-joy majmuasi bo‘lishi kutilmoqda. Bino xonadonlar, savdo-ko‘ngilochar ob’ektlar va ofis xonalaridan iborat bo‘ladi. Majmuaning umumiy balandligi 373 metrni tashkil qiladi.

Ma’lumot uchun, bino Guiyang shahridagi ikkinchi eng baland bino bo‘lishi kutilmoqda. Hozirga qadar Guiyang shahridagi eng baland osmono‘par bino unvoni 2020 yilda qurib bitkazilgan 401 metrli Guiyang xalqaro moliya markaziga tegishli.

3. “Ikonik” binosi, Misr 

Afrika cho‘lida qurilayotgan 20 ta yangi osmono‘par binolarning eng balandi bo‘lgan “Ikonik” minorasining umumiy balandligi 393 metrni tashkil qiladi. Binoda asosan shaharlarning ma’muriy ofislari, hamda turar-joy xonadonlari joylashadi.

Yumshoq qumda binoning poydevorini qurish uchun 18500 kub metr betonni 38 soat davomida to‘xtovsiz quyishgan. Bunday texnologiya hali hech qaysi bino-inshootda qo‘llanilmagan edi.

2. “Greenland Shandong” xalqaro moliya markazi binosi, Xitoy 

2023 yilda qurib bitkazilishi bilan Szinan shahrining eng baland osmono‘par binosiga aylanishi kutilayotgan “Greenland Shandong” xalqaro moliya markazining umumiy balandligi 428 metrni tashkil qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu bino 2022 yilda tugallanishi kerak edi, ammo uning qurilish rejasi bir muddat to‘xtatilgan edi. Moliya markazining loyihasi Burj Xalifa binosini qurgan tashkilot tomonidan taqdim etilgan.

1. “Wuhan Greenland” markazi binosi, Xitoy 

Qurilishi 2012 yilda boshlangan osmono‘par binoning umumiy balandligi 636 metrni tashkil qilmoqda. Bino qurish jarayonida Xitoy hukumati havoda ortiqcha chang chiqarilayotganini hisobga olib, qurishni to‘xtatib qo‘ygan edi. Bugungi kunda uning tashqi qoplamalarining aksariyati o‘rnatilgan. Markaz binosi 2023 yilda foydalanishga topshiriladigan eng baland osmono‘par binoga aylanadi.

Ma’lumot uchun, “Wuhan Greenland” binosi Xitoyning eng baland binosi bo‘lgan "Tokyo Skytree" dan atigi 2 metrga oshib, yangi rekordni qayt etmoqda.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

376

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing