2023 yil uchun korrupsiyaga oid jinoyatlar statistikasi ochiqlandi
Jamiyat
−
16 dekabr
30012023 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan jami 6 535 nafar shaxs (2022 yilda 7 414 nafar shaxs) korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan javobgarlikka tortilganlar shaxslar soni 879 nafarga yoki 12 foizga kamaygan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza”da keltirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilda sudlar tomonidan ayblov hukmi chiqarilgan korrupsiyaga oid jinoyat ishlari soni 4 128 tani tashkil qilib, 2022 yilga (4 607 ta) nisbatan 479 taga yoki 11 foizga kamaygan. Javobgarlikka tortilgan 6 535 nafar shaxslarning 1 299 (1 482) nafari yoki 20 foiziga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida, davlat manfaatlariga jami 1,4 trln (2022 yilda 2,04 trln) so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi. Ushbu zararning 745 mlrd (1,1 trln) so‘mi yoki 51 (54) foizi qoplangan. Davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon (243 mlrd so‘m), Namangan (194 mlrd so‘m), Qashqadaryo (143 mlrd so‘m) va Toshkent viloyatlariga (132 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda. Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 2022 yilga nisbatan 608 mlrd so‘mga yoki 29 foizga kamaygan. 2022-2023 yillarda pora predmeti bo‘lgan 7,1 mlrd so‘m, 345 ming AQSH dollari va 34, 5 ming Rossiya rubli (shundan 2023 yilda 3,7 mlrd so‘m, 87, 3 ming AQSH dollari va 34, 5 ming Rossiya rubli) miqdoridagi pul mablag‘lari davlat foydasiga musodara qilinishi ta’minlangan.
2023 yilda 181 ta holatda ishga joylashish hamda 326 ta holatda bank kreditlarini ajratish bilan bog‘liq holatlarda korrupsiyaga oid jinoyatlar aniqlangan. Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 12 nafari (27) respublika, 319 nafari (270) viloyat, 5024 nafari (5755) tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatgan. Korrupsiyaga oid jinoyatlar 2023 yilda respublikaning 4 ta viloyatida 2022 yilga nisbatan o‘sgan bo‘lsa, 10 tasida kamaygan.
Xususan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo (9,9 foiz), Andijon (6,4 foiz), Sirdaryo (2,8 foiz) va Navoiy viloyatlarida (1,3 foiz) ortgan. Jinoyatlar tahliliga ko‘ra, muqaddam sudlangan shaxslarning davlat xizmatiga qabul qilinishi ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratib bermoqda, jumladan 2023 yilda 1 146 nafar muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 566 nafari muqaddam aynan korrupsiyaviy jinoyat uchun sudlangan.
Bosh prokuratura 2023 yil davlat xaridlari sohasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etishga oid 275 ta taqdimnoma kiritgan. 393 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 25 ta noqonuniy hujjatlar qonunga muvofiqlashtirilgan, 1 219 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan 2023 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 1 290 ta pora olish vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olish bo‘yicha tadbir o‘tkazilgan. Ularning 517 tasi ijro hokimiyati, makroiqtisodiyot, tashqi iqtisodiy va investitsiyaviy faoliyat, bank-moliya, sanoat-qurilish, uy-joy kommunal, yoqilg‘i-energetika va agrosanoat, 221 tasi ta’lim, yoshlar, sport va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish, 197 tasi huquq-tartibot, nazorat va sud organlari, 160 tasi sog‘liqni saqlash va madaniyat, 100 tasi transport hamda 95 tasi bojxona qonunchiligini buzish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha jami 3 996 ta holat aniqlanib, shundan, 3942 ta jinoyat va 54 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan. Departament aniqlagan jinoyatlarning 1 382 tasi poraxo‘rlik bo‘lib, shundan 395 tasi bevosita davlat idoralari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan pora olish jinoyati hisoblanadi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari tomonidan 2023 yil davomida korrupsiya va iqtisodiyot sohasida sodir etilgan, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi 2 800 dan ortiq jinoyatlar aniqlangan.
Xususan, agrosanoat kompleksida 467 ta, yoqilg‘i-energetika kompleksida 304 ta, ijtimoiy sohalarda 289 ta, o‘rta va kichik biznesda 148 ta, nazorat idoralarida 122 ta, hokimiyat idoralarida 80 ta, iste’mol bozorida 58 ta, bank, moliya-kredit tizimida 46 ta, sanoatda 22 ta, chet el firmalari va qo‘shma korxonalarida 13 ta, huquqni muhofaza qilish idoralarida 10 ta, sud idoralarida 1 ta va boshqa sohalardagi 1 300 taga yaqin jinoyat aniqlanib, fosh etilgan.
Mazkur jinoyatlarning aksariyati poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, valyuta qoidasini buzish, qalbaki pul yasash va o‘tkazish, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatlarini tashkil etgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan vakolatlaridan foydalangan holda davlat mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq korrupsiyaga oid jinoyatlar kuzatilmoqda. Xususan, 2023 yil mobaynida hokim yordamchilarining faoliyati bilan bog‘liq 69 ta jinoiy holat aniqlanib, tergov harakatlari olib borilgan. Shundan 28 nafariga Jinoyat-kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 19 nafariga Jinoyat-kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 17 nafariga Jinoyat-kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 5 nafariga Jinoyat-kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida hokim yordamchilari va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan 277 ta ta’minotchi korxonalar “marketpleys”da ishtirok etib, ularning hisobiga 202,5 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar kelib tushgani ma’lum bo‘lgan. Natijada 61 nafar hokim yordamchisi ishdan bo‘shatilgan, 1 nafariga jarima belgilangan, 85 nafar hokim yordamchisiga “hayfsan” e’lon qilingan.
LiveBarchasi