2022 yilda gigant davlatlar yadro quroliga qancha sarflagani ochiqlandi
Olam
−
13 iyun 2023
58302022 yilda dunyoda yadro quroliga sarflangan global xarajatlar 82,9 milliard dollarga oshdi. Bu haqda Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kompaniya (ICAN)ning siyosat va tadqiqot koordinatorlari – Alisiya Sanders-Zakre va Syuzi Snayderning hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, 2022 yilda dunyoda 12 500 ta yadro quroli mavjud bo‘lib, to‘qqizta davlat arsenallarni modernizatsiya qilish va kengaytirish bilan shug‘ullangan. O‘tgan yili yadro quroliga daqiqasiga 157 664 dollar sarflangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 3 foizga ko‘p.
Qo‘shma Shtatlar yadro quroli uchun 2022 yilda 43,7 milliard dollar sarflagan, bu 2021 yildagidan biroz kamroq.
Vashingtondan keyingi o‘rinda 11,7 milliard dollar xarajat bilan Xitoy turadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga o‘sishdir. Uchinchi o‘rinni Rossiya 9,6 milliard dollar bilan egallagan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,74 foizga ko‘p.
Shu bilan birga xarajatlarning eng katta o‘sishi Hindistonda kuzatilgan – 21,8%.
“Albatta, ommaviy qirg‘in qurollariga sarflangan bu pullarning barchasi biz duch kelayotgan ko‘plab global muammolarni hal qilishga ishlatilgani ma’qul”, deydi Sanders-Zakre.
Uning qayd etishicha, sarflangan 82,9 milliard dollar butun dunyo bo‘ylab taxminan 1,3 milliard odamni sanitariya sharoitlarini yaxshilash orqali toza suv bilan ta’minlaydi.
Ekspertlarning fikricha, bu mablag‘lar global xavfsizlikni yaxshilamagan, balki vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot institutida (SIPRI) aniqlik kiritilishicha, Rossiya va AQSH birgalikda barcha yadro qurollarining deyarli 90 foiziga egalik qilgan.
LiveBarchasi