2022 yil o‘zbek sporti uchun qanday o‘tdi?

Sport

image

Tobora poyoniga yetib borayotgan 2022 yil o‘zbek sporti uchun unutilmas onlarga, chiroyli g‘alabalarga boy bo‘ldi. O‘zbek sportchilari asosan individual sport turlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, dunyo maydonida mamlakat nufuzini yanada oshirdi. Jumladan, o‘zbekistonliklar shaxmat, sport kurashlari, boks, og‘ir atletika va tayekvondo kabi sport turlarida yaxshi natijalarni qayd etdi.

Qalampir.uz 2022 yilda jahon sportining katta sahnasiga chiqqan o‘zbek sportchilarning natijalarini sarhisob qildi.

Nodirbek Abdusattorov (shaxmat)

Jahonning eng yosh grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov avgust oyida Hindistonning Chennay shahri mezbonlik qilgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston jamoasining mutlaq chempionga aylanishida o‘zining juda katta hissasini qo‘shdi. Shaxmat Olimpiadasida Nodirbek qiyin vaziyatda Hindiston vakili Gukesh ustidan g‘alaba qozondi. Shuningdek, jahonning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Fabiano Karuanani ham taslim etdi. Olimpiadadan tashqari, Abdusattorov Turkiya superligasi, grossmeyster Vugar Gashimov xotira turnirlarida ham zafar quchdi. Xulosa qilib aytganda Abdusattorov va boshqa ko‘pgina iste’dodli yosh shaxmatchilarning sa’y-harakatlari bilan dunyoda o‘zbek shaxmati yuqori darajaga chiqdi.

Davlat Bobonov (dzyudo)

Oktyabr oyida Toshkent shahrida dzyudo bo‘yicha Jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. -90 kgda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov mundial bahslarida munosib qatnashib, yakunda oltin medalga ega chiqdi. Sportchining final o‘yinini shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev arenadan kuzatib bordi. Taqdirlash marosimida Mirziyoyev Bobonovga oltin medalni taqib, tarixiy g‘alaba bilan sportchini qutladi. Mundialdagi g‘alaba Bobonovga jahon reytingi uchun 2000, Parij Olimpiadasi uchun 1000 ochko keltirdi. Shuningdek, o‘z vazn toifasida jahon reytingida karvonboshilik qilayotgan sportchi JCHdagi g‘alabasi bilan IJF tomonidan 280 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.


Muzaffar To‘raboyev (dzyudo)

To‘raboyev ham Bobonov singari Toshkent mundialida chempion bo‘ldi. -100 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan To‘raboyev finalda kanadalik Kayl Reyesga qarshi tatamiga chiqib, Golden Score’da g‘alabani qo‘lga kiritdi. To‘raboyevning muvaffaqiyatini ham Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan e’tirof etdi. Shuningdek, dzyudochi O‘zbekistonda yil yakunlariga ko‘ra “Eng yaxshi erkak sportchi” deb e’tirof etildi.

Diyora Keldiyorova (dzyudo)

Joriy yilda Ozarbayjon poytaxti Baku shahri mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqalarida chempionga aylangan Keldiyorova, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi, ya’ni shu vaqtga qadar IJF reytingida hech qachon o‘zbekistonlik ayol sportchi peshqadam bo‘lmagan edi. Keldiyorova IJF reytingida 1-o‘ringa ko‘tarila olgan ilk o‘zbek ayol dzyudochisiga aylandi. Shuningdek, u Bakuda o‘tkazilgan turnirdagi g‘alabasi orqali Olimpiada yo‘lida muhim ochkolarga ega bo‘ldi.

Svetlana Osipova (tayekvondo)

Noyabr oyida Meksikaning Gvadalaxara shahrida tayekvondo WT bo‘yicha Jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, ayollar o‘rtasida +73 kg vaznda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Svetlana Osipova Jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Osipova hal qiluvchi bahsda isroillik Dana Arzanni 3 raundda (2:1) mag‘lubiyatga uchratib, chempionga aylandi. Shuningdek, Osipova yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng yaxshi ayol sportchi deb tan olindi.

O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi (futbol)

Turkiyaning Antalya shahri mezbonlik qilgan Jahon chempionatida O‘zbekiston vakillari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu vaqtga qadar O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi o‘z tarixida 5 marotoba Jahon chempioni bo‘lgan. Turkiya mundiliadagi ajoyib ishtirok uchun, jamoa a’zolariga 10 million so‘m miqdorida pul mukofoti, shuningdek, 3 dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Prezident qaroriga muvofiq, 15 nafar a’zoga Cobalt avtomobili sovg‘a qilindi.

Ruslan Nuriddinov (og‘ir atletika)

Dekabr oyida Kolumbiya poytaxti Bogota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionati bellashuvlari o‘tkazildi. Turnirning 109 kg vaznida Ruslan Nuriddinov O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Nuriddinov dast ko‘tarish mashqida 177 kg, siltab ko‘tarishda 220 kg va umumiy hisobda 397 kg bilan o‘z vazn toifasida 3 ta yo‘nalishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur natija o‘zbekistonlik sportchi faoliyatida dunyo birinchiligidagi ikkinchi chempionlik hisoblanadi. Kolumbiyadagi mundialda Nuriddinov eng yaqin ta’qibchisini 8 kilogramga ortda qoldirdi. Shuningdek, Ruslan Nuriddinov Prezident farmoniga ko‘ra, 12 000 dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yakunlanayotgan yilda yuqorida nomlari keltirilgan sportchilardan tashqari, boshqa O‘zbekiston vakillari ham xalqaro turnirlarda munosib tarzda qatnashib, sport ishqibozlariga olam-olam yoqimli daqiqalarni tortiq etdi. O‘ylaymizki, kirib kelayotgan 2023 yilda ham o‘zbek sportida yangi nomlar kashf etilib, jahon miqyosidagi turnirlarda mamlakat madhiyasi ko‘p marotaba yangraydi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing