2021 yilda sudyalar qancha odamni “qamadi”?

Jamiyat

2021 yilda jami Respublika sudlari tomonidan 61 263 nafar shaxsga nisbatan 47 657 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 57,4 foizga ortgan. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov ma’lum qildi.

Ikrom Muslimovga ko‘ra, jinoyat ishlari bilan bog‘liq jami 88 444 ta material ko‘rilgan. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 527 740 nafar shaxsga nisbatan 428 869 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rilgan ishlar soni 25,6 foizga oshgan.

“Huquqbuzarlik va jinoyatlarning ortishiga asosiy sabab, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga xuquqbuzarlik va jinoyatlar haqida kelib tushayotgan xabarlarni qayd qilinishida inson omiliga chek qo‘yilib, xabarlar elektron ro‘yxatga olinishi yo‘lga qo‘yilganligi bilan izohlanadi. Hisobot davrida jami 45 010 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sudlanganlar soni ham 60,8 foizga ortgan”, dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

Ma’lum bo‘lishicha, sudlangan shaxslarning 9,9 foiziga jarima, 1,2 foiziga majburiy jamoat ishlari, 28,8 foiziga axloq tuzatish ishlari, 28,7 foiziga ozodlikni cheklash, 28,7 foiziga ozodlikdan mahrum qilish, 0,05 foiziga esa boshqa jazolar tayinlangan bo‘lsa, 2,7 foizi shartli hukm qilingan.

Sudlangan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘rsatkichlari 3,3 foizga ortganligi ayrim og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari ortganligi bilan izohlanadi.

“Shu o‘rinda, sudlar bilan imzolangan memorandumlar asosida, mahalla fuqarolar yig‘ini (732 nafar), xotin-qizlar (17 nafar) va yoshlar ittifoqi (134 nafar) tomonidan taqdim qilingan kafillik xatlari asosida, jami 883 nafar shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. 

Sudlar tomonidan 2021 yil davomida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha jami 5 930 (3 434) nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72,7 foizga ortganligini ko‘rsatmoqda”, deya raqamlarni keltirdi Ikrom Muslimov.

Shuningdek, 2021 yil davomida sudlar tomonidan jami 13 713 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Bundan tashqari, 2021 yilda jami 932 nafar shaxs oqlangan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2017 yildan shu kunga qadar 3 702 nafarga yetgan.

Oqlanganlarning 66,2 foizi 2017 yilga qadar, 19 foizi 2018 yilga qadar, 4,5 foizi 2019 yilga qadar, 6,3 foizi 2020 yilga qadar jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lishsa, 20,9 foizi 2021 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar jumlasiga kiradi.

Mazkur ko‘rsatkichlar, sudlar tomonidan jinoyat ishlarini mazmunan ko‘rib chiqishda, faqatgina ish bo‘yicha to‘plangan maqbul dalillarga asosan qarorlar qabul qilinayotganligini ko‘rsatmoqda.

“Qayd etish lozimki, 2021 yilda NKVD organlari tomonidan aybli deb topilgan 6 ta jinoyat ishi yuzasidan jami 115 nafar shaxs (qatag‘on qurbonlari) Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilib, mazkur shaxslar oqlangan. Bundan tashqari, ayblov hukmi chiqarilgan jami 10 115 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov chiqarilib yoki o‘zgartirilib hukm chiqarilgan bo‘lsa, 2 049 nafar shaxs dastlabki tergov organlari tomonidan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha qisman oqlangan”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing