2021 yilda necha kishi is gazi va portlashdan o‘lgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
15 dekabr 2021 4399 2 daqiqa
Joriy yilning 15 dekabriga qadar O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi tufayli 125 kishi vafot etgan, 115 kishi jabrlangan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot kotibi Murod Sodiqov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq 213 ta holat qayd etilgan. Ularning 66 tasi favqulodda vaziyat sifatida ro‘yxatga olinib, hodisalar oqibatda 125 kishi vafot etgan va 115 kishi jabrlangan.
Murod Sodiqovga ko‘ra, is gazidan zaharlanish asosan quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:
• fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
• nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
• isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
• gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
• havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
• havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.
Shuningdek, isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong‘inlarning sodir bo‘lishidir. Namangan viloyati Namangan tumanida sodir bo‘lgan voqea bunga misol bo‘la oladi.
Mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yong‘inlarning 36,3 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 27,1 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 13,6 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9,9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 31 tasi gaz va havo aralashmasining chaqnashidan sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr