2021 yilda migrantlar O‘zbekistonga necha mlrd dollar yuborishi taxmin qilindi 

Bu qiziq

image

2021 yilda O‘zbekistonga mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 7,6 milliard AQSH dollarini yoki mamlakat YAIMning 11,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon banki o‘zining Migratsiya va rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan hisobotida e’lon qildi.

Prognoz hisob-kitoblariga mos holda past va o‘rta daromadli mamlakatlarda mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari 2021 yilda keskin 7,3 foizga oshib, 589 milliard AQSH dollarini tashkil etgan.

Hisob-kitoblarning ko‘rsatishicha, COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan chuqur global chekinishga qaramasdan 2020 yilda pul o‘tkazmalari oqimining barqarorligi deyarli saqlanib, atigi 1,7 foizga qisqargan bo‘lsa, keyingi o‘sish sur’atining tiklanishi kutilganidan ham jadalroq bo‘lgan.

“Bu iqtisodiy qiyinchiliklar davrida migrantlar ona yurtlaridagi oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi zaruriy tovar va xizmatlar uchun uy xo‘jaliklarining xarajatlariga tayanch bo‘ladigan pul o‘tkazmalarining naqadar muhim ekanligini anglatadi”, deyiladi Jahon bankining hisobotida.

Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul o‘tkazmalari hajmi 2020 yilda 8,6 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqidagi iqtisodiy tiklanish hamda neft va gaz narxlarining keskin oshishi hisobiga 2021 yilda uning hajmi 5,3 foizga o‘sib, 67 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, prognozga ko‘ra, 2022 yilda pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 foizga o‘sadi. 

Qayd etilishicha, COVID-19 bilan kasallanishning yana keskin o‘sishi va harakatlanishga cheklovlarning qayta kiritilishi, shuningdek, byudjetdan rag‘batlantirish va bandlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlarining tugatilishi pul o‘tkazmalari oqimining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5,7 mlrd dollarni tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

159

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing