2019 yil birinchi yarmida YAIM o‘sish sur’ati ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
20 iyul 2019
6266Joriy yilning I yarim yilligida iste’mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etib, 2018 yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 0,6 foiz bandga past bo‘ldi. Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqda.
Inflyatsiya asosan oziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning bozor narxlari oshishi ta’sirida shakllangan bo‘lsa, ma’muriy tartibga solinadigan xizmatlar tariflari va nooziq-ovqat tovarlari narxlarining yuqori darajada oshmaganligi inflyatsiyaning keskin o‘sishining oldini oldi. Shu bilan birga, energiya resurslari tariflari oshirilishining oldin e’lon qilingan muddatga nisbatan keyinga qoldirilishi ham mazkur davrda inflyatsiya darajasining kutilgandan past darajada shakllanishiga xizmat qildi.
Yillik hisobda inflyatsiya darajasi 13,6 foizni tashkil etib, bazaviy prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi. Bunda, yillik inflyatsiya darajasi oxirgi 5 oy davomida 13,5-13,7 foiz oralig‘ida saqlanib qoldi.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan kreditlar ajratish va davlat xarajatlarining yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi hisobiga ichki narxlarga yalpi talab tomonidan bosimning ortishi, aholi daromadlari ko‘payishi hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi ma’lum darajada inflyatsiya darajasini pasaytirish vazifasini qiyinlashtirmoqda.
Oziq-ovqat inflyatsiyasi meva va sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishini hisobga olmaganda aprel oyida o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi. Bunga narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlar hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga moslashishi sabab bo‘ldi. Ushbu omillar ta’sirining sekin-asta kamayishi joriy yilning may-iyun oylarida mazkur mahsulotlar narxlari dinamikasining pasayishida o‘z aksini topdi.
Ayrim turdagi meva va sabzavotlar narxlarining o‘tgan davrda past bo‘lganligi hisobiga 2019 yilning II choragida ular narxlarining o‘sish sur’ati tezlashib, yillik inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, 2018 yil II choragida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari 18,7 foizga pasaygan bo‘lsa, joriy yilning II choragida 8,1 foizga kamaydi.
Mazkur davrda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari, umuman olganda, pasayuvchi dinamikani namoyish etdi. Yuridik shaxslarning inflyatsion kutilmalarida barqaror pasayish trendi kuzatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda, jismoniy shaxslar kutilmalarida 2019 yil yanvar-aprel oylaridagi pasayishdan so‘ng, oxirgi ikki oyda o‘sish kuzatildi.
Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda, inflyatsiya darajasini 2021 yilda bir xonali raqamgacha pasaytirish vazifasidan kelib chiqadi. Bunda, bazaviy ssenariy bo‘yicha 2020 yil uchun inflyatsiya prognozini 10-12 foiz darajasida saqlab qoldi.
Kelajakda inflyatsiya darajasini pasaytirish vazifasi davlat xarajatlari va kreditlash hajmlari o‘sish sur’atlarini maqbullashtirishni talab etadi. Inflyatsiya darajasini pasaytirishda yana bir muhim omil bo‘lib, tarkibiy islohotlar, xususan sog‘lom raqobat sharoitlarini yaratish, investitsion muhitni yaxshilash yo‘lidagi fundamental to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha ta’sirchan choralarning ko‘rilishi, infratuzilmani rivojlantirish, davlat korxonalarini isloh qilishni o‘z vaqtida amalga oshirish, olib borilayotgan soliq islohotlari samaradorligini oshirish kabilar hisoblanadi.
2019 yil I yarim yilligida makroiqtisodiy sharoitlar asosan, ayrim xom-ashyo tovarlari eksporti uchun qulay bozor kon’yunkturasi hamda yalpi talabning yuqori o‘sish sur’atlari ta’sirida shakllandi.
Mazkur davrda YAIM o‘sish sur’ati 5,8 foizni tashkil etdi. Bunda, yuqori iqtisodiy faollik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish (6,9 foiz), qurilish ishlari (20 foiz) va xizmatlar sohasida (12,7 foiz) kuzatildi. Shuningdek, asosiy kapitalga investitsiyalar 58,9 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy holati o‘ziga xos hisoblanib, yillar davomida yig‘ilib kelgan investitsion “chanqoqlik”, ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlarning kechiktirilganligi va iqtisodiyotni erkinlashtirish bilan birgalikda bugungi kunda moliyaviy va investitsiyaviy resurslarga qo‘shimcha talabni yaratmoqda. Bunda, iqtisodiyotni kreditlash hajmining kengayishi hamda byudjet xarajatlarining dastlabki ko‘zda tutilgan hajmlarga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi 2019 yilning I yarim yilligida talabni oshiruvchi asosiy omillar bo‘ldi.
Ushbu davrda tashqi savdo balansining salbiy saldosi 2,8 mlrd dollarni tashkil etdi va yil oxirigacha oshishi kutilmoqda. Tashqi savdo balansi taqchilligi joriy operatsiyalar balansining birlamchi va ikkilamchi hisoblari sof daromadlari hamda moliyaviy hisoblar evaziga qoplanishi kutilmoqda. Bu milliy valyutaning almashuv kursiga sezilarli bosim yaratmaydi.
2019 yil dastlabki yarim yilligida milliy valyuta almashuv kursi eksport tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hisobiga ichki valyuta bozoriga xorijiy valyutaning mo‘’tadil taklifi natijasida nisbatan barqaror bo‘ldi. Yil boshidan so‘m almashuv kursi 2,7 foizga qadrsizlandi.
Iqtisodiyotda yalpi talabning sezilarli darajada oshishi 2019 yil yakuniga ko‘ra real YAIM o‘sish sur’atining dastlabki prognozlarga nisbatan biroz tezlashishiga xizmat qilishi mumkin.
LiveBarchasi