20 soni tushurilgan banknot $100 qiymatida qabul qilinadimi?

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda 20 soni tushirilgan yubiley banknoti muomalaga chiqarilgani va u 100 AQSH dollari qiymatida qabul qilinishi haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, “So‘m”ning muomalaga kiritilganining 20 yilligi munosabati bilan 20 raqami tushirilgan namuna Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan pul belgisi hisoblanmaydi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy to‘lov vositasi sifatida pul belgilari faqat Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladi.

“Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi to‘g‘risidagi xabar, shuningdek, ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu namuna Markaziy bank tomonidan emas, balki “Davlat belgisi” korxonasi tomonidan 2014 yilda yubiley sana munosabati bilan korxonaning reklama mahsuloti (suvenir) sifatida chiqarilgan”, deyiladi regulyator xabarida.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan banknot hech qanday qiymat o‘lchoviga ega emas (unda so‘m yozuvi qayd etilmagan), muomala va to‘lov vositasi sifatida foydalanishga mo‘ljallanmagan. 

Shu sababli, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan aholi orasida har xil savollar va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmaslik maqsadida asossiz axborotlarni tarqatmaslik so‘ralgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1587

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing