2 mln aholini daromad manbai bilan ta’minlash uchun yangicha yodashuv joriy qilinadi
Jamiyat
−
15 dekabr 2022 6284 2 daqiqa
2023 yilda O‘zbekstonning 2 million aholisini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va mehnat bozoriga kirib keladigan 700 ming nafar yoshlarni ish bilan band qilishga alohida yondashuv joriy etiladi. Bu haqda ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Mavsumiy ishlar bilan band bo‘lgan 1,7 million aholiga va norasmiy band bo‘lgan 3,8 million aholining 50 foiziga qonuniy faoliyat yuritish imkoniyatini yaratish vazifasi belgilab berildi.
O‘n kun muddatda aniq hisob-kitoblar bilan 2023 yil uchun aholi bandligi bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Kosonda – 1,2 ming gektar, Bekobodda – 141 gektar, Nishonda – 123 gektar, G‘uzorda – 116 gektar, Sariosiyo, Ellikqal’a va Shumanayda – 90 gektardan yerlarda ekin ekilmagan.
“Odamlarimizni daromadli qilish maqsadida bu yerlarni oziq-ovqat mahsulotlari ekish uchun bo‘lib berdik. Qachon bunday bo‘lgan? Lekin tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi o‘zi nima ish qiladi?”, deydi Prezident.
Tegishli hududlar rahbarlariga ushbu 7 ta tuman hokimlari bo‘yicha taklif berish topshirildi.
O‘tgan davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Xizmatlar sohasida ham 15 ta tumanda o‘sish sur’atlari orqaga ketgan.
“Mayli, bular sanoatni qila olmasin, chetdan investitsiya olib kelishni bilmasin, lekin xizmatlarni rivojlantirib, odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yo‘q”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Live
Barchasi