O‘zMUda yo‘qolgan noyob asarlar ishi bo‘yicha hukm o‘qildi. Aybdor halol ekanini aytmoqda

Jamiyat

image

Kecha, 11 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo-Ulug‘bek tuman sudida O‘zbekiston Milliy universiteti axborot resurs markazidan yo‘qolgan kitoblarga doir sud ishi ko‘rib chiqildi va markazning sobiq rahbariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Prokuratura tekshiruvlariga ko‘ra, O‘zMU Axborot resurs markazi fondida saqlangan XII – XIX asrlarga oid qiymati 2,6 milliard so‘mlik 57 dona tarixiy qo‘lyozma, 12 dona toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlar talon-toroj qilingan.

Hozirda Axborot resurs markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Aziz Ramazonov suddan 2,6 mlrd so‘mni aybdorlardan undirib berishni so‘ragan.

Sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmalarida, tergov jarayonida unga qo‘yilgan ayb isbotlanmagani va asossiz ekanligi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirgan.

“Sizlar barcha ko‘rsatmalarni, guvohlarni so‘zlarini eshitdingiz. Men aybdor emasman, men bu kitoblarni o‘g‘irlamaganman, men halol ishlaganman. Bu ish bo‘yicha birorta fakt yo‘q. Men sotganimni kim aytdi, kimga kitoblarni taklif qilibman, kimga sotibman? 40 yildan beri halol ishlaganman, birorta kitobni kutubxonadan olib chiqmaganman”, deydi u.

Ikki soatdan ziyod davom etgan munozaralar yakunida sudya O‘zbekiston Respublikasi nomidan hukm o‘qidi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan aybdor deb topilib, unga uzil-kesil ikki yil muddatga mansabdorlik, moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash va besh yil-u, bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

401

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing