27 million kishini domiga tortgan olov. Germaniya SSSRga hujum qilganiga 80 yil to‘ldi
Bu qiziq
−
22 iyun 2021
18379“Toki Yer Quyosh atrofida aylanar ekan, toki sovuq va issiq mavjud ekan, kurash ham bo‘ladi. Shu jumladan odamlar va xalqlar o‘rtasida ham. Agar odamlar jannatda yashashda davom etganda, ular chirib ketardi. Insoniyat hozirgi holiga kurash sharofati bilan erishgan. Urush – tabiiy va odatiy ish. Urush har vaqt va har yerda davom etadi. Uning boshi ham, oxiri ham yo‘q. Hayotning o‘zi urush. Urush – bu boshlang‘ich nuqta”.
Adolf Gitler
1941 yil 22 iyun, yakshanba. Tonggi soat 3:45 da fashistlar Germaniyasi Sovet davlatiga urush e’lon qilmasdan hujumga o‘tdi. Nemis bombardimonchi samolyotlari SSSR hududiga kirib, chegarada joylashgan muhim shaharlarga birin-ketin bomba yog‘dira boshladi. SSSR armiyasining qo‘mondoni Georgi Jukov soat 04:00 da Sovet Ittifoqining rahbari Iosif Stalinga qo‘ng‘iroq qilib, nemislar hujum boshlagani haqida ma’lumot berganida, Stalin chuqur xo‘rsingancha “hamma majlisga” deya oldi, xolos. Shu tariqa, Ikkinchi jahon urushining asosiy Germaniya-SSSR fronti ochildi. Bugungi maqolamizda rus adabiyotlariga “Ulug‘ Vatan urushi” degan nom bilan kiritilgan, qonli urushning boshlanishi haqida so‘z yuritamiz.
Stalin va Gitler o‘rtasidagi maxfiy kelishuv
Germaniya fyureri (lideri) Adolf Gitler Ikkinchi jahon urushini boshlashdan avval, SSSR rahbari Stalin bilan o‘zaro kelishib oladi. Fashistlar 1939 yil 23 avgust kuni Sovet davlati bilan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida 10 yil muddatga mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Unda tomonlarning biri boshqa davlat bilan urushga kirganida, ikkinchi tomon betaraf qolishi yozib qo‘yilgan va ayni paytda, shartnomada yashirin kelishuvlar ham bo‘lgan. Xususan, bu yashirin kelishuvda Sharqiy Yevropani Sovet Ittifoqi va Germaniya o‘zaro bo‘lib olishi nazarda tutilgan edi. Adolf Gitler Finlyandiya, Latviya, Estoniya va Bessarabiyani Sovet davlati bosib olishiga qarshilik bildirmaydi. O‘z navbatida Iosif Stalin ham Litvani Germaniya ta’sirida deb tan oladi. Shuningdek, yashirin ahdnomada Polshani ham bo‘lib olish ko‘zda tutilgan edi. Polshaga hujum qilish haqida Gitler va Stalin o‘zaro uzil-kesil bir qarorga kelishgan. Har tomonlama urushga tayyor Germaniya sharqdan hujum bo‘lmasligiga ishonch hosil qilgach, 1939 yil 1 sentyabr tongida Polshaga bostirib kiradi. 3 sentyabr kuni Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush e’lon qiladi. Shu tariqa, Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketadi.
“Barbarossa” operatsiyasi
1940 yilning 18 dekabrida Gitler “Barbarossa” operatsiyasi deb nomlangan 21-direktivani imzolaydi. Ushbu rejaga ko‘ra, Gitler armiyani katta uch guruhga bo‘lib, uch yo‘nalishda Sovet davlatiga hujum qilishni rejalashtirgan edi.
Birinchi yo‘nalish: General-feldmarshal Vilgelm Fon Leyeb boshchiligidagi shimoliy guruhga “Boltiq dengizi bo‘yidagi dushman dengiz kuchlarini yo‘q qilish va portlarni qo‘lga olib, Leningrad shahrini bosib olish vazifasi yuklanadi.
Ikkinchi yo‘nalish: General-feldmarshal Fon Bok boshchiligidagi markaziy guruhga esa katta kuch bilan oldinga siljish orqali, Belarusdagi sovet qo‘shinlarini mag‘lub etish, keyin Minskdan janubga va shimolga qarab harakatlanib, tezroq Moskvani ishg‘ol etish vazifasi topshiriladi.
Uchinchi yo‘nalish: General-feldmarshal Gerd Fon Rundshtedt qo‘mondonligi ostidagi janubiy guruhga bo‘lsa, Kiyevga chap qanotdan zarba berish, Galitsiya va Ukrainaning g‘arbiy qismidagi Sovet qo‘shinlarini yo‘q qilish hamda Dneprning sharqiy qismiga hujum qilishini ta’minlash vazifasi qo‘yiladi.
Razvedka ma’lumotlari
1940 yilning dekabr oyida Sovet Ittifoqining Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Filip Ivanovich Golikov, o‘z tasdig‘ini topgan ma’lumotlarga qaraganda, Gitler ikki frontda urush olib borishga, ya’ni G‘arbda olib borilayotgan urush xotimasini kutmay, Sovet Ittifoqiga hamla qilishga ahd qilgani haqida Stalinga bildiruv beradi. Ammo Stalin “har qanday hujjat borki, qalbakilashtirish mumkin” deya javob qiladi.
Stalin general-leytenant Golikovning oldiga aniq talab qo‘yadi, u ham bo‘lsa, sovet harbiy razvedkasining ishi shunday yo‘lga quyilsinki, toki, Gitler chindan ham urushga hozirlik ko‘rayotgani yoki yolg‘on-yashiq gap tarqatayotgani har qanday fursatda ma’lum bo‘lib borsin.
Golikovning fikriga ko‘ra, nemislar Rossiya hududiga bostirib kirish uchun nihoyatda jiddiy hozirlik ko‘rishlari lozim bo‘lgan. Germaniyaning bunday urush boshlashga shay holatini tashkil etadigan asosiy elementlardan biri – qo‘y terisidan tayyorlangan po‘stin. Bu po‘stinlarning jami soni olti milliondan kam bo‘lmacligi zarur edi. Buni yaxshi bilgan Golikov Yevropadagi qo‘y podalarini diqqat bilan kuzatgan. Mabodo Gitler chindan ham Sovet Ittifoqiga hujum qilishga qaror qiladigan bo‘lsa, Germaniya Bosh shtabi Yevropagi yengil sanoat fabrikalariga shoshilinch ravishda millionlab po‘stin tayyorlashga buyurtma berishi kerakligini aniq bilgan. Bunday holat esa mintaqa bozorida o‘z aksini topishi muqarrar bo‘lib, urush ketayotganiga qaramay, qo‘y go‘shtining narxi, ushbu jonivorlar millionlab suyila boshlagach, sezilarli darajada tushib ketishi, qo‘y terisining narxi esa aksincha, oshib ketishi kutilgan.
Germaniyaning SSSRga hujumi
SSSR Qurolli Kuchlarining Bosh shtab rahbari Georgiy Jukov o‘zining “Xotiralar va o‘ylar” kitobida yozishicha, u nemis qo‘shinlari chegarani kesib o‘tib, Sovet Ittifoqi shaharlariga bostirib kirgani haqida soat 4:00 da xabar topib, darhol Stalinga qo‘ng‘iroq qilgan. O‘sha vaqtda qo‘riqchi “Stalin uyg‘otmanglar, deb aytgan” deganida Jukov unga baqirib bergan.
Birozdan so‘ng, telefon go‘shagini Stalin oladi. Jukov unga nemislar hujumga o‘tgani haqida xabar berganida Stalin bu mash’um xabarga qanday javob berishni bilmay qolgan. Shunda Jukov Stalinning og‘ir nafas olganini eshitadi. Uzoq davom etgan sukutdan so‘ng Stalin “Hamma Kremlga, majlisga yig‘ilsin”, deya buyruq bergan.
SSSRda urush boshlanganining e’lon qilinishi
1941 yil 22 iyun kuni soat 08:00 da Moskva butun mamlakatga nemislar hujumga o‘tgani haqida xabar beradi.
“Diqqat, Moskva gapirmoqda. Biz muhim hukumat xabarini yetkazmoqdamiz. Sovet Ittifoqi fuqarolari! Bugun soat 04:00 da, hech qanday urush e’lon qilmasdan, Germaniya armiyasi Sovet Ittifoqi chegaralariga hujum qildi. Sovet xalqining nemis fashist bosqinchilariga qarshi “Ulug‘ Vatan urushi” boshlandi. Bizning yo‘limiz adolatli, dushman mag‘lub bo‘ladi. G‘alaba bizniki bo‘ladi!”.
Germaniya SSSR fronti
Gitler o‘z qurolli kuchlarining deyarli 80 foizini Sovet davlatiga qarshi tashladi. Germaniya-SSSR fronti amalda Ikkinchi jahon urushining asosiy jang maydoniga aylandi. Germaniya qo‘shinlari Sovet armiyasiga qaqshatqich zarbalar berib, qisqa vaqt ichida Boltiqbo‘yi, Moldova, Ukraina, Belarus hududlarini bosib oldi. Nemislar sentyabr oyida Leningrad shahriga yetib kelib, 872 kun davom etgan qamalni boshladi. Ulkan yo‘qotishlarga uchragan Sovet armiyasi asta-sekin ortga chekindi.
Sovet Ittifoqining rahbari Stalin, Gitler Buyuk Britaniyaga qarshi urushni tugallamay turib, ikkichi frontda urush qilolmaydi deb hisoblab, armiyani to‘la harbiy tayyorgarlik holatiga keltirish haqida buyruq bermagan. Shu sababli Sovet davlati urush boshida katta yo‘qotishlarga uchradi.
Moskva uchun janglar
1941 yilning noyabr oyida nemislarning markaz guruh armiyasi Moskva ostonasida to‘xtaydi. Gitler Sovet davlatini qishga qadar mag‘lub etishni rejalashtirgan edi. Ammo nemis armiyasi buning uddasidan chiqa olmadi. Tez orada qahrli va o‘lim keltiruvchi sovuq boshlandi. Qishga tayyorgarlik ko‘rmagan fashistlarning frontda hujum qilish salohiyati anchayin pasayib ketdi. Germaniya qo‘shinlari 1941 yil 19 noyabr kuni hujumning ikkinchi bosqichini boshlab, Moskvani shimoliy-g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tomondan o‘rab olishni rejalashtirdilar. Biroq Sovet qo‘shinlarining qattiq qarshiligi natijasida nemislar dekabr oyining boshlarida hujum qilishdan to‘xtab qolishadi.
1941 yil 5 dekabr kuni Sovet armiyasi qarshi hujumga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu hujum natijasida nemis armiyasi Moskvadan 100-250 km uzoqlikka uloqtirib tashlandi. Shunday qilib, Moskva ostonalarida erishilgan g‘alaba Germaniyaning yashin tezligidagi urush rejasini barbod qildi. Ammo dushman hali kuchli edi.
Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistonning ishtiroki
Urush Sovet ittifoqining barcha mamlakatlari qatorida, O‘zbekistonni ham o‘z domiga tortdi. Yoshu qari, ayolu erkak urushga, urush uchun safarbar etildi.
Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi, mislsiz yo‘qotish va talafotlarga olib keldi. Olti yil davom etgan bu qonli urushda o‘sha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan.
Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgan va bu qirg‘inda jami 70 million kishi halok bo‘lgan. Eng ko‘p qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga to‘g‘ri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etgan.
Ma’lumki, 1941 yilda O‘zbekiston SSR aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million o‘zbekistonlik frontga otlandi. Ularning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi.
O‘sha g‘oyat og‘ir va suronli davrda yurtimiz frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylandi, bu yerdagi sanoat korxonalari harbiy sohaga moslashtirilib, ularning faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan yuzdan ziyod zavod va fabrikalarni tiklashda fuqarolarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Urush olovi ichida qolgan hududlardan yurtimizga 1,5 million nafardan ortiq kishi ko‘chirib keltirildi. Ularning 250 ming nafari bolalar edi. Xalqimiz ularga boshpana berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rib, ota-onasidan ajralgan bolalarni o‘z farzandlari qatori tarbiyasiga olib, butun dunyoga haqiqiy insonparvarlik fazilatlarini namoyish etdi.
LiveBarchasi