18+: O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, tahdid, tazyiq keskin oshdi 

Jamiyat

2021 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda qariyb 18 ming ayol tazyiqqa uchragan. 9 ming nafar ayol ruhiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar, yoki 5 mingtaga ko‘p degani. Bu haqda Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi hamda Gender tengligi masalalari bo‘yicha komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishda Senat Raisi Tanzila Norboyeva so‘z ochdi. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni u yoki bu hududda zo‘ravonlikka uchragan ayollar haqida axborotlar kelib turibdi. Umuman olganda, birinchi yarim yillikning uch oyida oilalarda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar soni oldingi yilning uch oyiga qaraganda, ikki yarim baravarga ortgan. 2021 yil 1 aprel holatiga ko‘ra 6 ming 688 nafar xotin-qizlarimiz tazyiqqa uchragan bo‘lsa, 1 iyul holatiga ko‘ra, ularning soni 17 ming 919 nafarga yetgan. Ya’ni uch oy ichida 11 ming nafarga ortgan”, deya ta’kidladi Tanzila Norboyeva.

Shuningdek, yig‘ilishda Komissiya raisi avvallari ayollar kaltak yesa ham, jabrlansa ham qayerga va kimga murojaat qilishni bilmaganini alohida urg‘uladi. Bugun zo‘rovonlikka uchrayotgan ayollar borasidagi ro‘yxatning kengayib, raqamlar soni ortib borishi boshqa tomondan yaxshi hodisa ekanini ta’kidladi. Norboyevaga ko‘ra, bu ayollar bunday holatlarga duch kelganda kimga va qayerga murojaat qilishni bilayotganini anglatadi. 

“Bu yomon albatta, lekin yaxshi tarafi ham bor. Ular hozir huquqiy savodxonligi oshib, murojaat qilishni o‘rgangandir, balki. Oldin [ayollar] kaltak yesa ham, zo‘ravonlik qurboni bo‘lsa ham kimga, qayerga, qanday murojaat qilishni bilmas edi”, deydi Senat raisi.

Yig‘ilishda, Tanzila Norboyeva ayollar ruhiy zo‘ravonlikka uchrayotgani, ammo oilalar bu holatga e’tiborsiz qarayotgani, hatto, ichki ishlar xodimlarining zo‘ravonlik va tazyiq haqida yetarli bilimga ega emasligini tanqid ostiga oldi. 

“Birgina ruhiy zo‘ravonlikka to‘xtaladigan bo‘lsak, 2020 yilda 4 mingga yaqin ruhiy zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida bu raqamlar ikki barobarga ortib, 9 mingga yetgan”, deydi Norboyeva.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ish joylarida ayollarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlari joriy yilda 337 tani tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 283 taga ko‘p degani. Shuningdek, jamoat joylarida ham yollarga nisbatan joriy yilning o‘zida 610 ta jinoyat sodir etilgan. Bu esa jamoat joylaridagi zo‘ravonliklar o‘tgan yilgiga nisbatan 459 taga ko‘payganini ko‘rsatadi. 

Senat raisiga ko‘ra, mas’ul idoralar oilalardagi janjallarga panja ortidan qarab, ularni xaspo‘shlashga urinmoqda. 

“Bunday holatlarga ba’zi oilalar “bu tazyiq emas” yoki “bu zo‘ravonlik emas” deydi. Ular shunchaki urishib qoldi, deya o‘zini oqlaydi. Hatto, ichki ishlar xodimlari “bo‘ladi-da oilada, ketavering, yarashib olasizlar”, deb qaytarib yuborish holatlari ham kuzatilyapti”, deydi Tanzila Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

353

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing