16 fevral voqealari bo‘yicha oqlangan 5 kishining ishi qayta ko‘rib chiqiladi

Jamiyat

image

Avvalroq 1999 yilda yuz bergan 16 fevral voqealariga aloqador besh kishi oqlangani haqida xabar bergan edik. Biroq Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest sabab mazkur shaxslar ishi qaytadan ko‘rib chiqiladigan bo‘lgandi.

Kecha, 11 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida Yolqin To‘laganovich Kamolov, Muhammadzohir Nabiyevich Xo‘jayev, Ibrohim Shavkatovich Yunusov, Baxtiyor Nabijanovich Begmatov, Iskandar Tojibayevich Bo‘riyevga oid jinoyat ishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest asosida ko‘rib chiqilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 1999 yil 30 iyundagi hukmiga ko‘ra Yolqin Kamolov (1968 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘isht ko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), Muhammadzohir Xo‘jayev (1973 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘isht ko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), Ibrohim Yunusov (1970 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘isht ko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), Baxtiyor Begmatov (1974 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘isht ko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan) va Iskandar Bo‘riyev (1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘isht ko‘prik” bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan) ga Jinoyat kodeksining 208-moddasi bilan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ular 1999 yil 30 apreldagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimi bilan sudlanuvchilarning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilinib, jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatilgan.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestda Yolqin Kamolov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimini bekor qilib, jinoyat ishini yangidan shu instansiya sudida ko‘rish uchun yuborish masalasi qo‘yilgan.

Sudlov hay’ati ushbu jinoyat ishidagi hujjatlarni tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko‘ra apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimini bekor qilishni va ishni yangitdan ko‘rish uchun shu instansiya sudiga yuborishni, protestni qisman qanoatlantirishni lozim topgan.

Jinoyat-protsessual kodeksining 348-1-moddasi (yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash) da yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash prokurorning qaroriga ko‘ra, jinoyat ishi yoxud uning materiallari sudda yo‘qolgan taqdirda esa ijro etish uchun prokurorga yuboriladigan sud ajrimiga ko‘ra yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash jinoyat ishi hujjatlarining ushbu Kodeksda belgilangan tartibda dalillar deb topilishi mumkin bo‘lgan saqlab qolingan ko‘chirma nusxalari bo‘yicha va protsessual harakatlarni bajarish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

“Bunday holatda, Yolqin Kamolov va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini Toshkent viloyat sudida ko‘rib chiqqanlik holatini qonuniy va asosli deb bo‘lmaydi”, deyiladi Oliy sud xabarida.

Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi Yolqin Kamolov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimini bekor qilib, ishni yangitdan shu instansiya sudida ko‘rish uchun yuborishni lozim deb hisoblagan.

“Ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasida ko‘rishda qayd etilgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib, qonun talablaridan kelib chiqqan holda qonuniy va asosli qaror qabul qilinishi lozim bo‘ladi”, deya ta’kidlangan rasmiy xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining kecha, 11 noyabrdagi ajrimi bilan Yolqin To‘laganovich Kamolov, Muhammadzohir Nabiyevich Xo‘jayev, Ibrohim Shavkatovich Yunusov, Baxtiyor Nabijanovich Begmatov, Iskandar Tojibayevich Bo‘riyevga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 24 iyuldagi ajrimi bekor qilinib, ish yangidan shu instansiya sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilishi belgilangan. Toshkent viloyati prokuraturasining protesti qisman qanoatlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

185

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing