16 fevral teraktini amalga oshirgan terrorchi 23 yil o‘tib qo‘lga olindi

3-sahifa

image

“Turkiston islom harakati” (TIH) xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgani sabab 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Yu.J. ismli shaxs Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.  

Qayd etilishicha, u 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ham qatnashgan. Qidiruvdagi ushbu shaxs xorijda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan. 

Ma’lumot uchun, Yu.J. 1969 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1998 yilning boshlarida Rossiyaning Checheniston Respublikasiga borib, iordaniyalik Amir Xattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning oxirlarida Afg‘onistondagi TIH xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan.  

U 1999 yilning yanvar oyida tashkilot yetakchilarining ko‘rsatmasi bilan aylanma yo‘llar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklarni amalga oshirgan hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o‘zlashtirib, Afg‘onistondagi TIH yetakchilariga yuborgan. 

Mazkur shaxs 1999 yilning 16 fevral va 30 mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ham ishtirok etgan. Shuningdek, 1998-2006 yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda qatnashgan. 

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida 1999 yil 16 fevral voqealariga aloqadorligi yuzasidan sudlangan 5 nafar shaxsga oqlov hukmi e’lon qilingan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkentda bir qancha qo‘poruvchilik harakati ro‘y bergandi. Toshkent osmonini qora tutun qoplagan o‘sha mudhish kundagi terrorchilik harakatlari faqatgina mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi harakat emas, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga suiqasd ham edi.

Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing