156,4 mln dollar qarzga qurilgan shina zavodi 15 foiz kuch bilan ishlayotgani aytildi
Jamiyat
−
06 aprel 2021
10139“Milliy tiklanish” DP fraksiyasida Hisob palatasining 2020 yil uchun hisoboti tinglandi. Unda Angren shina zavodi 15 foiz quvvatda ishlayotgani ma’lum bo‘lgan. Bu haqda deputat Alisher Qodirov yozmoqda.
Unga ko‘ra, Xitoy Eksimbankining jalb qilingan, 156,4 million dollar mablag‘i hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar UzAutoMotors’da import o‘rnini qoplashi kerak edi.
“Bugungi holatda Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi doimgidek, sifat talabga javob bermaydi. So‘nggi ikki yilda UzAutoMotors 60 mln dollarga yaqin [qiymatda] shina import qilgan.
Loyiha noto‘g‘ri rejalashtirilganmi? Qarz to‘g‘ri ishlatildimi? Qarzdan kutilgan natija olindimi?
Savollarga: “...harakatlar boshlangan, sifat sertifikatlari olinmoqda”, qabilida javob olindi. Lekin savol tug‘iladi: nimaga endi?
Qarzning bir kuni ham to‘g‘ri rejalashtirilsa foyda olish mumkin, aksincha zararli yukka aylanadi. Ikki yildan beri bu qarz iqtisodiyotimizga qancha zarar keltirmoqda? Bunday xatolar islohotlarga jiddiy zarar beradi”, deb yozmoqda Qodirov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “Milliy tiklanish" DP Investitsiyalar va tashqi savdo vazirini ushbu masala bilan bir qatorda xorijiy qarz-investitsiyalarni samarali ishlatilayotganligi masalasida eshituvini tashkil qiladi.
LiveBarchasi