150 ming so‘m qarzini to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas – Norboyeva
Jamiyat
−
22 iyun 2023 12520 2 daqiqa
150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish adolatdan emas. Bu fikrni bugun, 22 iyun kuni Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva aytib o‘tgan.
Gap shundaki, ushbu majlisda “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qayd etildi. Yangi qonunga ko‘ra, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
Xususan, qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilgan.

Shuningdek, Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangilik haqiqatdan ham juda muhim ekanini aytgan.
“150 ming so‘m qarzni to‘lamaganlik uchun 300 ming so‘m jarima solish – bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, ya’ni fuqaroga qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli bo‘lishi kerakligi qoidasiga mutlaqo zid”, degan Norboyeva.
Uning ta’kidlashicha, ma’muriy jarimalarni MIBning istalgan ijrochisi emas, balki faqat rahbar xodimlari qo‘llashi mumkinligiga oid norma ham e’tiborga molik.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining davlat bosh ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.
Live
Barchasi