14 yil Haj uchun pul yig‘gan odam barcha mablag‘ini bolalarga berdi

Olam

image

Qozog‘istonning Pavlodar shahrida 93 yoshli Sag‘adat Jumabayev uzoq yillar davomida Makka shahriga borishni orzu qilib, bu yo‘lda pul jamg‘argan. Biroq u barcha yig‘ilgan mablag‘larini bolalarga berishga qaror qildi. Bu haqda “Irbistv.kz” xabar berdi.  

Qayd etilishicha, Sag‘adat Jumabayev qariyb 94 yoshga to‘lgan. U har doim Makka shahriga borib, Haj amallarini bajarishni orzu qilgan. Turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin taqdir taqozosi bilan qariyalar uyiga tushib qolgan. Shunday qilib, u 2011 yildan boshlab safar uchun pul yig‘a boshlagan. Ammo kerakli summani yig‘gach, o‘zini bu safar uchun juda qarib qolganini anglagan.

“Onam tez-tez tushimga kiradi, shuning uchun jamg‘argan pullarimni og‘ir ahvoldagi bolalarning onalariga berishga qaror qildim. Ularga yordam bermoqchiman, chunki ular juda qiynalishmoqda: bolalari doim yig‘laydi, ayollar tunda uxlay olmaydi, ko‘chaga chiqa olmaydi”, deydi Sag‘adat Jumabayev.

Yolg‘iz qolgan bu otaxon o‘zining kichik nafaqasidan jami 3 million 600 ming tenge (qariyb 88 million so‘m) yiqqan. Bu mablag‘ni u 30 nafar nogiron bolaga bergan (har biriga 120 ming tenge). Ushbu bolalarning yoshi 1,5 dan 15 yoshgacha, ularning tashxislari turlicha.

“Bu, bilasizmi, biz kabi oilalar uchun juda katta yordam, chunki reabilitatsiya jarayonlari katta xarajatlarni talab qiladi. Albatta, bu yordam biz uchun juda muhim. Ulkan minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Ana shunday odamlar borligiga ishonganingizda, inson yaxshilikka ishonadi. Yaxshi odamlar hali ham borligiga, yordam berishni istaydigan, darddosh bo‘ladigan insonlar borligiga amin bo‘lasiz. Bu juda qadrli”, deydi nogiron farzandning onasi Asel Toleuxanova.

Sag‘adat Jumabayev barcha bolalarga sog‘liq, ularning ota-onalariga sabr tilagan. U o‘zining pullari ezgu maqsadga sarflanishidan xursandligini bildirgan. Minnatdorlik ifodasi sifatida ota-onalar unga chopon sovg‘a qilgan.

Keyinroq Pavlodar viloyatidagi Qozog‘iston Musulmonlar idorasi bosh imomi Joldas Bertyumuratov Instagram'dagi sahifasida 93 yoshli nuroniyga bolalarga yordam berish maqsadida Haj safaridan voz kechgani uchun had’ya sifatida Umra safari uchun yo‘llanma taqdim etilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, unga hamroh berilishi ham va’da qilingan.

“Agar hamroh bo‘lsa, men mamnuniyat bilan hayotimdagi eng katta orzuni – Haj safarini ado etaman”, deydi otaxon.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing