14 kunlik sulh Trampning navbatdagi hiylasimi?

Intervyu

Eron elchisi: Biz AQSHga ishonmaymiz, qo‘limiz hali ham tepkida turibdi. 14 kunlik sulhga g‘olib tomon sifatida rozi bo‘ldik. Biz AQSH ustidan g‘alaba qozondik va xalqimizning qudratini isbotladik.

Bugun, 10 aprel kuni Eronning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tkazilgan uchrashuvda Eron tomoni mintaqadagi so‘nggi harbiy-siyosiy vaziyat yuzasidan o‘z rasmiy pozitsiyasini ma’lum qildi. Elchi o‘z nutqida Eron va AQSH o‘rtasidagi qarama-qarshilik, erishilgan 10 banddan iborat kelishuv hamda mamlakat ichidagi ijtimoiy birlashuv masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

“Biz AQSH va sionistik rejimga sezilarli zarba berib, ularni mag‘lub etdik deb hisoblaymiz. Biz bu bosqinchilik ustidan g‘alaba qozondik. Bu xalqimizning jasorati, Rahbarimizning oqilona boshqaruvi, harbiy, huquq-tartibot va xavfsizlik kuchlarimizning qudrati hamda ilg‘or texnologiyalarimiz tufayli bo‘ldi. Ammo eng muhimi — xalqning ulkan ishtiroki edi. G‘alabamizda maydonda qahramonona kurashganlarning hissasi beqiyos”, dedi Muhammad Ali Iskandariy.

“QALAMPIR.UZ” jurnalisti tomonidan berilgan “AQSH ham, Eron ham sulhni o‘z g‘alabasi sifatida ko‘rsatishga urinayotgani ikki mamlakat o‘rtasidagi adovat haligacha juda kuchli ekanini anglatadi. Demak, belgilangan 14 kunlik muddat yakunlangach yana keng miqyosdagi urush davom etishi mumkinmi?” savoliga esa quyidagicha javob berildi:

“Nima uchun biz AQSHni mag‘lub bo‘ldi deyapmiz? Hozir tushuntiraman. Korrupsioner Netanyaxu va undan ham korrupsioner Tramp o‘zaro birlashdi. Ular dunyo tartibini o‘zgartirmoqchi edilar. Ular 4 kun ichida Eronda rejimni o‘zgartiramiz, deb o‘ylashdi. Tramp “Men Eron rahbarini o‘zim tanlayman” dedi. Bu sodir bo‘ldimi? Yo‘q. Ular dunyoni aldashga odatlanishgan edi, lekin bu safar NATO va Yevropani ham o‘zlariga ergashtira olishmadi. Tramp “Hormuz bo‘g‘oziga hukmronlik qilaman” dedi, lekin hech qachon bunga erisha olmadi, olmaydi ham. U dunyodagi eng katta dengiz va havo operatsiyasini o‘tkazdi, lekin Eronning harbiy qudratini yo‘qota olmadi. Biz oxirgi daqiqagacha qayerga xohlasak, o‘sha yerga zarba berdik. U bizning 2500-5000 yillik tariximizga, muzeylarimizga hujum qildi, lekin muvaffaqiyatga erishdimi? Yo‘q. U yadroviy ob’ektlarimizni yo‘qotmoqchi edi, lekin agar yo‘qotgan bo‘lsa, nega yana 150 ta samolyot yubordi? AQSH Eronda fuqarolar urushini chiqarmoqchi edi, parchalab tashlamoqchi edi, orollarimizni, neft va gazimizni olmoqchi edi — hech biriga erisha olmadi. Demak, biz mag‘lubiyat haqida gapirganda mana shu haqiqatlarga asoslanamiz. Biz ularning barcha “Temir gumbaz”larini yorib o‘tdik va AQSHning mintaqadagi bazalarini urdik. Mintaqadagi qo‘shnilarimizga aytar so‘zim: AQSH sizga xavfsizlik va’da qilib, milliardlab dollarlik qurol sotdi. Bu qurollar asqotdimi? Yo‘q. Biz qo‘shnilarimiz bilan birodarmiz va ularni amerikaliklar yovuzligidan qutqarmoqchiligimizni isbotladik. AQSHning harbiy byudjeti biznikidan 100 barobar ko‘p, lekin biz o‘z ishimizni qildik. Bu domino effektini to‘xtatdik”, dedi Eron elchisi.

Eron tomoni taklif qilgan 10 bandlik shartlar mazmuni shundayki, u bir necha o‘n yillar davomida AQSH tomonidan Eronga nisbatan olib borilgan siyosatni mantiqsizlik ekanini isbotlaydi. “Mana shu holatda ham bu shartlarga Tramp va uning ma’muriyati ko‘nishi navbatdagi hiyla emasmi?” degan savol ko‘pchilikda tug‘ilishi tabiiy. Elchi bu masalaga ham to‘xtaldi.

“Avvalo, buni Tramp qabul qildi. O‘sha 10 bandni Tramp tan oldi, bu haqda tvit yozdi va rasman e’lon qildi. Shundan so‘ng darhol o‘t ochish va harbiy harakatlar to‘xtatildi. Natijada, na Amerika Eronga hujum qildi, na Eron Amerikaga. Lekin Isroil masalasi boshqacha. Isroil asrlardan buyon "Buyuk Isroil" g‘oyasi ortidan quvib keladi. Ular osonlikcha rozi bo‘lmaydi. Netanyaxu ham o‘z manfaatini o‘ylaydi, shuning uchun Livanga hujum qildi. Livan tomondan ham ularga qarshi hujumlar bo‘lyapti. Keyingi nuqta shuki, kelishuvga ko‘ra tinchlik bo‘lishi, o‘t ochish to‘xtashi va Hormuz bo‘g‘ozi faol bo‘lishi kerak edi. Lekin Isroil hujum qilganidan so‘ng bo‘g‘oz to‘liq ishga tushmadi. Ya’ni, urush avjiga chiqqan paytda u yerdan 1 kunda 15 ta kema o‘tgan bo‘lsa, hozir bor-yo‘g‘i 3 ta kema o‘tyapti. Aslida barcha dushmanliklar to‘xtashi kerak edi. Livanning tinch qo‘yilishi ham biz qo‘ygan talablarning bir qismidir. Agar bu shart bajarilmasa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bekor qilinadi. Amerikaliklar o‘tgan 52 yil ichida (dunyoda) 40 million odamni o‘ldirdi. 40 million qurbon... Lekin ular ozodlik haykali orqali o‘zini dunyoga shunday ko‘rsatadiki, go‘yo bu yer demokratiya maskani. Go‘yo ular dunyoni ozod qilishgan”, dedi Eron rasmiysi.

Elchi suhbat davomida Eron tomoni AQSHga hech qachon ishonmasligini ham aytib o‘tdi.

“Biz ishonmaymiz. Hech qachon ishonmaymiz. Bu shaxsga, Tramp va uning siyosatiga aslo ishonchimiz yo‘q. Qo‘limiz hozir ham tepkida turibdi. Unda nega muzokaraga rozi bo‘ldik? Shunchaki biz ushbu muzokaralarga qo‘limiz baland kelgan holda kiryapmiz. Ular o‘zlarining yovuz tabiatini ko‘rsatishdi va tartibni buzishdi. Ular doim Eronda inson qadri yo‘q, adolat yo‘q deyishardi. Ammo biz garchi har doim ayblangan bo‘lsak-da, qadriyatlarimizga muvofiq harakat qildik. Odam o‘ldirish uchun harakat qilmadik. Oddiy fuqarolarga ziyon yetkazmadik. Bizning zarba berish qudratimizni yana bir bor tan olishdi. Masalan, Eronning 80 ta bo‘lakka bo‘linadigan raketalarining birortasi ham maktabga tegmadi. Biz axborot agentliklariga hujum qilmadik. Biz tinch aholi to‘plangan joylarga hujum qilmadik. Ular 47 yil davomida bizga hujum qilish uchun reja tuzishgan edi, lekin xatoga yo‘l qo‘yishdi. Maktabni portlatishdi. Biz esa xato qilmadik va beayb odamlarni o‘ldirmadik. Bu ularning aslini ko‘rsatdi”, dedi Iskandariy.

Ushbu intervyuni to‘liq holatda YouTube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin!


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Tramp Isroil Livan sulh Netan'yaxu hiyla harbiy-siyosiy vaziyat sionistik rejim qarama-qarshilik Mintaqa Tramp va uning ma'muriyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing