11 yildan 13 yilgacha. Samarqandda 3 nafar narkosavdogarga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
21 iyun 2022
6221Samarqandda narkosavdo bilan shug‘ullangan, muqaddam sudlanagan erkak 13 yilga qamaldi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1984 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro M.B. muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlanib, ma’lum bir muddat ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tagan. Biroq u axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan vaqtida, yana shunday jinoyatga qo‘l urgan.
U 2021 yilning sentyabr oyida Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati Panjikent shahrida yashovchi shaxs tomonidan Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumani hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 9 kg 751 gr “opiy” giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlangan.
Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogar ushbu moddani keyinroq kerakli manzilga yetkazib berishi uchun samarqandlik narkokurerga 10 ming AQSH dollari berishi lozim bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarga nisbatan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Kia Bongo rusumli avtomobil viloyatning “Yuqori nuqta” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, unda ketayotgan Samarqand shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan H.Z. va 1991 yilda tug‘ilgan M.X.ga tegishli 5 kg 953 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan narkotik moddani “O‘rikzor” bozori yonida noma’lum shaxslardan qabul qilib olib, kelgusida uni sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilishgan. Giyohvandlik vositasi uchun ular tojikistonlik narkosavdogarga 36 ming AQSH dollari berishgan.
Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarlar Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, ularning har biriga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi