Ukrainada otmayotgan tong yoxud Putin rejimi 1 yilda nimaga erishdi?

Tahlil

image

2022 yil 24 fevral. Bu sana insoniyat tarixiga eng ayanchli urushlardan biri boshlangan kun sifatida kirdi. Urush oqibatida bir yil ichida 8000 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 14 mingdan ortiq aholi esa jarohatlandi. Yaralanganlar orasida 800 dan ortiq bolalar ham bor. Xo‘sh, shuncha qurbonlar evaziga bir yil ichida tomonlar nimaga erishdi? Qayerlarni egallab, qaysi hududlardan ayrildi? QALAMPIR.UZ ushbu maqolada aynan shu savollarga javob beradi.

Hujumning boshlanishi

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qaratilgan “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgandi. O‘zining televizion chiqishida Putin “Ukrainani etnik rus ozchilikni ta’qib qilayotgan neonatsistlar boshqarmoqda”, deb da’vo qildi. 

Urush shu kun tongda Sharqiy Ukrainaga piyoda diviziyalar va havo kuchlari kiritilishi hamda Sharqiy va G‘arbiy Ukraina bo‘ylab o‘nlab raketa hujumlari o‘tkazilishi bilan boshlanib ketdi. Shu kuni Ukraina xalqi uyqudan uyg‘onmadi. Ular hamon dahshatli tush ko‘rayotgandek.  Birinchi janglar Lugansk viloyatida, Rossiya bilan chegaradosh Milove qishlog‘i yaqinida bo‘lib o‘tdi. Asosiy piyoda va tank hujumlari to‘rtta yo‘nalishda – Kiyev tomon boshlangan shimoliy front, Qrimdan boshlangan janubiy front, Lugansk va Donbass shaharlarida boshlangan janubi-sharqiy front va sharqiy frontda amalga oshirildi.

Bunga javoban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Moskva ham, harbiy ekspertlar ham bu operatsiya bir necha kun ichida yakunlanishini bashorat qilgan edi. Ammo ukrainalik himoyachilar kutilmaganda ruslarning dastlabki hujumlariga qarshi turib, keyinchalik bir qator hujumlar uyushtirish, rus qurol-aslahalarini, ta’minot liniyalarini va ishchi kuchini yo‘qotish, bosqinchi davlatni bir qator sharmandali mag‘lubiyatlarga olib kelishi bilan butun dunyoni hayratda qoldirdi. 

Xususan, poytaxtga uyushtirilgan hujumda Rossiya Kiyevni egallay olmadi, chunki uning hujumlari shahar atrofida bo‘lgan Irpen, Gostomel va Bucha janglari paytida qaytarildi. Rossiya armiyasi poytaxtni qurshab olishga urindi, biroq Ukraina kuchlari o‘z o‘rnini ushlab turishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga Ukrainaning G‘arb qurollaridan unumli foydalangani, jumladan, “Javelin” tankka qarshi raketasi va “Stinger” zenit raketasi yordamida Rossiya ta’minot liniyalarini zaiflashtirgani sabab bo‘ldi. Natijada esa aprel oyiga kelib, rus qo‘shinlari shimoliy frontdan chekindi.

Biroq Janub va janubi-sharqiy frontda Rossiya mart oyida Xersonni, may oyida esa Mariupolni egallab oldi. Mariupol egallangach, Rossiya Lugansk va Donetskda hujumlarini kuchaytirib, Ukraina nazorati ostidagi Lugansk viloyatining eng yirik shahri – Severodonetskka raketa va kuchli artilleriya hujumlariyb uyushtirdi. Rossiya kuchlari nafaqat frontda, balki undan uzoqda joylashgan harbiy va fuqaro ob’ektlarini, jumladan, elektr va suv tizimlarini ham portlatdi.

Qarshi hujum

2022 yilning sentyabr oyida Ukraina kuchlari Xarkov viloyatida qarshi hujum boshladi va muvaffaqiyatga erishdi. Qarshi hujumning muvaffaqiyati Putin imijiga putur yetkazdi hamda Kiyev hukumatini Xarkov va uning atrofidagi hududlarda qarshi hujumni davom ettirish uchun G‘arbdan ko‘proq qurol so‘rashga undadi. 2022 yil 21 sentyabrda Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qildi. Shuningdek, u mamlakat o‘zini himoya qilishi uchun barcha vositalardan foydalanishini aytdi. O‘sha kuni Mudofaa vaziri Sergey Shoygu zaxiradagi 300 mingaskar majburiy ravishda chaqirilishini ma’lum qildi.  

Shuningdek, 30 sentyabrda Vladimir Putin Rossiya parlamentining har ikki palatasiga murojaatida Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari anneksiya qilinishini e’lon qildi. Ukraina, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti anneksiyani noqonuniy deb qoraladi. 

2022 yil 8 oktyabrda esa Rossiya uchun muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Qrim ko‘prigi portlatildi. Rossiya portlashda Ukrainani aybladi va uning tinch aholi punktlariga javob raketa zarbalarini berdi. Oktyabr oyining o‘rtalaridan boshlab Rossiya Ukrainaning elektr va suv tizimlariga zarba to‘lqinlarini amalga oshirdi. 2022 yil 15 noyabrda Rossiya Ukraina elektr tarmog‘iga 85 ta raketa uchirdi, bu esa Kiyev va qo‘shni viloyatlarda elektr ta’minotida katta uzilishlarga olib keldi. Shu kuni dastlab Rossiyaga tegishli, keyin esa “Rossiyada ishlab chiqarilgan” deb da’vo qilingan raketa Polshaga o‘tib ketdi va Prjevodovda ikki kishi halok bo‘ldi. Bu esa Polshaning yuqori rahbarlarining favqulodda yig‘ilish o‘tkazishiga sabab bo‘ldi.

Ertasi kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Polsha hududiga zarba bergan raketa Rossiyadan uchirilgan bo‘lishi ehtimoldan yiroq ekanini aytdi. 

Noyabr oyida Ukraina Xersonni qaytarib oldi. G‘alabadan ilhomlangan Ukraina yil oxirida janub va sharqda qarshi hujumlarni boshladi. Biroq o‘shandan beri hech bir tomon jiddiy yutuqlarga erisha olmadi. Rossiya Ukraina shaharlari va infratuzilmasini nishonga olish uchun raketa va dronlardan foydalanish orqali bosimni davom ettirmoqda. Shuningdek, u sharqiy Baxmut shahrini egallash uchun bir necha oy davomida kampaniya olib bordi, ammo bu taktik xaritaga unchalik katta o‘zgarish kiritmadi.

31 dekabr kuni esa Putin Kiyevga keng ko‘lamli yirik raketa va uchuvchisiz havo hujumi uyushtirishni buyurdi hamda Ukrainaga qarshi “maxsus harbiy operatsiyasi”ning diplomatik va harbiy kuchini oshirish niyatida ekanligini, endilikda urushda g‘alaba qozonish barcha ruslar uchun “muqaddas burch” bo‘lishini aytdi.

Xalqaro hamjamiyat ikki slavyan davlati orasidagi mojaroni tanqid qilib kelmoqda. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi bosqinni qoralab, Rossiya qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. Xalqaro sud Rossiyaga harbiy amaliyotlarni to‘xtatishni buyurdi. Ko‘pgina davlatlar Rossiyaga va uning ittifoqchisi Belarusga qarshi sanksiyalar kiritdi, Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam ko‘rsatdi. Dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bosqinga javoban 1000 dan ortiq kompaniya Rossiya va Belarusni tark etdi. Xo‘sh, bular natija berdimi? Nega unda haligacha urush tugamayapti? 
 
Urush qachon tugaydi?

Urush boshlanganiga bir yil to‘lgan bo‘lsada, front chizig‘idagi keskinlik hali ham yumshagani yo‘q. Ayni paytda na Rossiya yetakchisi Vladimir Putin, na Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri sodir bo‘lgan eng yirik harbiy mojarolardan birini tugatish alomatlarini ko‘rsatmayapti. Siyosatshunoslar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi adovat bu mojaroni uzoq vaqt ushlab turishi mumkin deb hisoblamoqda.

Urush oqibatida Ukraina vayron qilindi, shahar va qishloqlar artilleriya hamda raketa zarbalari oqibatida yer bilan yakson bo‘ldi. 8 millionga yaqin ukrainaliklar, ya’ni urushgacha bo‘lgan aholining qariyb 20 foizi xavfsizlik uchun chet elga qochib ketdi, yana millionlab odamlar esa mamlakat ichida qochqin bo‘lib qoldi.

So‘nggi paytlarda ikkala tomon ham raqamlarni e’lon qilmagan bo‘lsada, tahlilchilar urushda hozirgacha 200 mingga yaqin rus askari halok bo‘lgan yoki yaralangani, 100 000 ga yaqin Ukraina jangchilari vafot etgan yoki jarohatlanganini aytmoqda. 

Ming kilometrga cho‘zilgan shiddatli jangovar front chizig‘i Ukraina janubi-sharqini kesib o‘tgan bo‘lib, u yerda minglab snaryadlar otilmoqda, har kuni yuzlab askarlar jahon urushlaridagi qirg‘inni eslatuvchi sahnalarda halok bo‘lmoqda. Ukrainaning yirik shaharlariga Rossiya tomonidan raketa zarbalari uyushtirilishi Kiyev va boshqa shaharlarning zulmatda qolishiga, Kiyev metro tizimini esa bomba portlashidan ximoyalanadigan boshpanaga aylanishiga sabab bo‘ldi. Bir vaqtlar “Yevropaning non savati” bo‘lib xizmat qilgan dalalar endilikda artilleriya kraterlari va tank izlari bilan qoplangan. 
 
Xo‘sh, shuncha talofatlardan so‘ng ham nega hali tinchlik sulhiga kelinmayapti? Yoki mojaroga chek qo‘yishning diplomatik yo‘li yo‘qmi? 

Tahlilchilar tinchlik shartnomasiga erishishning hozir imkoni yo‘q deb hisoblamoqda. San-Diyego davlat universiteti professori Mixail Alekseyevning fikricha, ukrainaliklar sulh shartnomasida Rossiyaga hududiy imtiyozlar berishni qat’iy rad etadi. Kiyev Moskvaga hududiy yon berishni o‘z ichiga olgan har qanday kelishuvni “ekzistensial tahdid” deb biladi 

“Rossiya harbiylarining mag‘lubiyatisiz o‘t ochishni to‘xtatishning har qanday turi, asosan, qayta guruhlanishni anglatadi. Bu esa har ikki tarafga navbatdagi hujumlarga tayyorlanish uchun vaqt beradi xolos” , deydi Alekseyev.

Shuningdek, Putin ham muzokaralar olib borish uchun biron-bir hududdan voz kechishga umuman rozi bo‘lmaydi. 

“Putin butun siyosiy faoliyatini Qrimning anneksiyasiga bog‘ladi va buni osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas”, deydi London universiteti professori Vladislav Zubok. 

To‘liq harbiy g‘alaba ikkala tomon uchun ham dargumon. Ukraina jang maydonida kutilmagan yutuqlarga erishgan bo‘lsada, u Rossiya armiyasining o‘z mamlakatiga tahdid soladigan salohiyatini butunlay yo‘q qilishga qodir emas.  

Zelenskiy ochiqchasiga uning qurolli kuchlari Qrimni qaytarib olishini aytdi, bu Ukraina rahbariyatining fikricha, bu Putinga qarshi davlat to‘ntarishiga turtki bo‘ladi va oxir-oqibat Ukraina chegaralarini himoya qiladi. Aksariyat tahlilchilar ham shunday fikrda.

Rossiyaning harbiy texnika va o‘q-dorilarida katta yo‘qotishlar bo‘lgani, buning ortidan Kreml raketa va artilleriya uchun Shimoliy Koreyaga, uchuvchisiz samolyotlar uchun Eronga murojaat qilishga majbur bo‘lganiga qaramay, Rossiyada urush olib borishga kerakli qurollar tugayapti, degan fikr xom xayoldan boshqa narsa emas. Chunki hozir Rossiyada mudofaa zavodlari uch-to‘rt smenada ishlayapti. G‘arb sanksiyalari Rossiyadan yuqori texnologiyali qurollar uchun zarur bo‘lgan mikrochiplarni yetkazib berishni to‘xtatganiga qaramay, rus armiyasi hali ham kuchli zarba bermoqda. 

Ayni paytda AQSH va boshqa ittifoqchilardan Ukrainaga yuborilayotgan murakkab qurollar oqimi kamayishi mumkin. G‘arb arsenallari Ukraina jang maydonining talablari ostida ko‘p ishlab chiqarilmoqda. 

“Ular o‘q-dorilarni juda tez, biz ishlab chiqarayotganimizdan ham tezroq ishlatmoqda”, deydi Royal United Services Institute tahlil markazi katta tadqiqotchi Jek Uotling.  

Harbiylarning ruhiy holati 

Hozirgacha Ukraina qo‘shinlarining ruhiy holati yuqori. Chunki ular vatanini himoya qilmoqda. Rossiyada esa norozilik kuchayib borayotgani alomatlari bor. Rossiyaning nodavlat ijtimoiy so‘rovi Levada-Sentr ma’lumotiga ko‘ra, aholi orasida Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlovchilar biroz oshgan, biroq ayni paytda so‘rovda qatnashganlarning 53 foizi muzokaralarni boshlash vaqti kelgan deb hisoblashini bildirgan. Lekin agar Ukraina Qrimga jiddiy tahdid soladigan bo‘lsa, bu ruslarning qat’iyatini kuchaytirishi mumkin. 

“Qrim uchun kurash achchiq bo‘lishi mumkin. Ukrainaning uni qo‘lga kiritishi dargumon”, deydi RAND ctrategik tadqiqot markazi vakili Samuel Charap. 

U ham mojaro noma’lum muddatga cho‘zilishi mumkin deb hisoblamoqda. 

“G‘arbning Ukraina iqtisodiyoti hamda armiyasini qo‘llab-quvvatlash qobiliyati va istagi Rossiyaning o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniyati, xohishi va qobiliyatiga ziddir. Bu qancha davom etishini oldindan aytish juda qiyin”, deydi Samuel Charap.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, ortda qolgan bir yil davomida Rossiya ham, Ukraina ham aytarli g‘alabaga erishgani yo‘q. Urush boshlanishida to‘rtta front yaratilgan bo‘lsada, vaqt o‘tib, Rossiya kuchlari Shimoliy frondan chekinishga majbur bo‘ldi. Ukraina tarafi ham shimoliy hududlarni saqlab qolgan, Xersonni qaytarib olgan bo‘lsada, hududining 18 foizi haligacha Rossiya nazorati ostida qolmoqda. Bundan tashqari, urush oqibatida har ikkala tarafdan minglab odamlar qurbon bo‘ldi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing