1 yanvardan davlat xaridlari tizimida nima o‘zgaradi?
Jamiyat
−
06 dekabr 2019
4977Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan ayrim xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatli korxonalar xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida e’lon joylashtiradi.
E’londa xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning 15 kundan kam bo‘lmagan so‘nggi muddati hamda qonunchilikda nazarda tutilgan axborot bo‘lishi kerak.
Shuningdek, xarid komissiyasining bayoni u rasmiylashtirilgan kuni davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida 2 ish kuni muddatga jamoatchilik muhokamasiga joylashtiriladi.
2020 yil 1 apreldan boshlab byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablag‘lariga nisbatan Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochish orqali g‘azna ijrosi mexanizmi joriy etiladi.
Bundan tashqari, qaror bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishning alohida tartibi belgilanadigan, xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalarning yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, endilikda ushbu alohida tartib ustav fondida (kapitalida) strategik xaridorlarning ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarga joriy etilmaydi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda, vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xarid qilinishida davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuziladi.
Hozirga qadar ushbu qoida faqat vazirlik (idora, muassasa)ning tarkibidagi tashkilotlar (muassasalar) o‘rtasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xarid qilinishiga taalluqli bo‘lgan.
Shuningdek, endilikda xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan yuridik shaxslardan tovar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilinadi.
LiveBarchasi