1 soniyada o‘layotgan odamlar, pasaytirilayotgan tezlik, aybsiz haydovchilar – Yo‘llardagi yo‘l-yo‘l xatolar

Intervyu

Yo‘l-transport hodisasida vafot etayotganlarning hammasi ham piyoda emas. Ular orasida haydovchilar bisyor. O‘tgan hafta xonanda Zohid Rixsiyev bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ham vafot etgan piyoda emas, avtomobil ichidagi yo‘lovchi bo‘ldi. Ayni vaqtda haydovchining ham ahvoli og‘ir. Bu YTHga esa aynan katta tezlik sabab bo‘ldi. Haydovchi avtomobilni katta tezlikda boshqarishi natijasida rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning avtomobillar qatnov qismini oshib o‘tib, ag‘darilib, piyodalar yo‘liga tushgan. Ushbu YTHdan ham tezlik masalasi qanchalik muhim ekanini ko‘rish mumkin.

O‘tgan oy poytaxt ko‘chalarida tezlikning pasaytirilishi katta muhokamalar keltirib chiqardi. Chunki transport vositalarining harakatlanishidagi tezligi borasida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari, deputatlar hamda aholi vakillarining fikri bir joydan chiqqani yo‘q. Kimdir tezlikning pasaytirilishi katta tirbandliklarni keltirib chiqarishidan xavotirga tushsa, yana kimdir bu chora og‘ir oqibatli yo‘l transport hodisalarining oldini olishi mumkinligidan mamnun. QALAMPIR.UZ esa bunday vaziyatda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha uzoq yillik ekspert Nosirjon Zokirovga quloq tutishni ma’qul qo‘rdi. Uning aytishicha, bu taklif noto‘g‘ri!

Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ekspert Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida tezlikni soatiga 60 kmgacha, ba’zilarida esa 50 kmgacha tushirish bu muammolarga yechim emasligini ta’kidladi.

“Masalan, bu taklif ma’qullanib, Toshkent shahar hokimining ayrim ko‘chalarda tezlikni kamaytirish bo‘yicha qarori chiqdi, deylik. Xo‘sh, buni haydovchilarga qanday yetkizamiz? Hokimning qarorini ko‘chaga osib qo‘yamizmi? Buni haydovchiga yetkazishning yagona yo‘li – bu yo‘l belgilari. Lekin, YHXB  sanagan ko‘chalarga tezlikning kamaytirilgani aks etgan yo‘l belgisini joylashtirish uchun bir necha mingta belgi o‘rnatilishi kerak”, deydi mutaxassis Nosirjon Zokirov.

Buning sababini esa Zokirov tezlikni taqiqlovchi belgilar ko‘chalarning har bir chorrahasida qo‘yilishi kerakligi, chunki belgining ta’sir kuchi har gal chorrahadan o‘tganda tugashi bilan izohladi.

“Bundan tashqari, agar yo‘lda ajratuvchi bo‘lak bo‘lsa, o‘ng tomondan tashqari chap tomonga ham belgi o‘rnatish kerak bo‘ladi. Yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra esa har bir qayrilib olish joyidan keyin ham belgini takrorlash kerak. Natijada Toshkent taqiqlovchi belgizorga aylanib qoladi”, deya bo‘lg‘usi muammolarni o‘rtaga tashladi mutaxassis.

U Toshkentda tabaqashtirilgan tezlik o‘lchovlarining bo‘lishi muammolarni hal qilish o‘rniga ularni yanada ko‘paytirishi mumkinligini ta’kidladi.

“Birgina Toshkentning o‘zida ayrim ko‘chalarda 70 km, ayrimlarida 60 km, boshqa bir ko‘chada 50 km va yana maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari joylashgan ko‘chalarda cheklangan tezlik 30 kmgacha. Jami to‘rt xil tezlik bor. Bunday vaziyatga haydovchilarni asabiylashishga olib keladigan tirbandliklar vujudga keladi”, dedi mutaxassis.

Bunga yechim sifatida Nosirjon Zokirov butun respublika bo‘yicha tezlikni soatiga 70 kmdan 60 kmga tushirish kerakligini aytmoqda. Uning aytishicha, aholi yashash punktlarida 70 km\s bu favqulodda tezlik, dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda bu o‘lchov 60 km\s dan oshmaydi.

Shuningdek, u bunday muhim masalani yo‘l harakati bo‘yicha mutaxassis bo‘lmagan deputatlar hal qilayotganidan afsusda.

“Men juda ham qiziq bir hodisani kuzatdim, o‘zi mutaxassis bo‘lmagan deputatlar tezlikni 60 ga tushirishga salbiy munosabat bildirishgan. Endi shu Toshkent shahar kengashining hurmatli deputati, siz bir maslahat berishdan, 70 km/s tezlikni ucha yuqori tezlik emas, deb e’tirof etishingizdan oldin ekspertlar, mutaxassislar va tajriba bilan tanishib ko‘rib aytdingizmi degim keladi. 70 km/s tezlik bu favqulodda katta tezlik”, dedi u.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, haydovchi biror xavfni ko‘rib, tormoz tepkisini bosib chora ko‘rguniga qadar o‘tgan vaqti taxminan bir soniya bo‘ladi va bu  o‘rta yoshdagi, uncha charchamagan, spirtli ichimlik ichmagan, diqqati chalg‘imagan haydovchining reaksiya vaqtini bildiradi. 70 km/s tezlikda harakatlanayotgan transport vositasi bir soniyada 19 metr masofani bosib o‘tadi. Shu sababli, tezlikni hozir 70 km/s emas, yosh haydovchilarning xayolidagi jazolanmaydigan 5 km/sni ham qo‘shib 75 km/s deb olinsa, haydovchi  bir soniyada 20 metr masofani bosib o‘tadi.

“Bu hali tormoz tepkisi bosmasidan avvalgi masofa. Tormoz tepkisini bosganidan e’tiboran shuncha masofani bosib o‘tadi, deb oladigan bo‘lsak, piyodalarda hech qanaqa imkoniyat yo‘q. Haydovchi tezlikni 5 km/sga oshirib yoki kamaytirib shu yo‘l-transport hodisasining oldini olishi mumkin yoki uni sodir etishi mumkin. Shuning uchun, men deputatlarga aytmoqchimanki, sizlardan iltimos, bu masalani mutaxassislar, ekspertlar bilan o‘rganib ko‘ringlar. Men bu aytganlarimni osmondan olganim yoki o‘ylab topganim yo‘q. Bu tajriba, hammasi xorij tajribasi va ijtimoiy roliklarda o‘z tasdig‘ini topgan. Shuni odamlarga qo‘yib berish, ular bu katta tezlik ekanligi anglab yetishlari kerak”, deya deputatlar fikriga e’tiroz bildirdi Zokirov.

Ekspertning aytishicha, O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalarining soni ko‘p emas. Yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lishlar soni ko‘p. Bunga esa, asosan, tezlik sabab bo‘ladi.

“Butun Respublika bo‘yicha tezlikni kamaytirish g‘oyasi aslida IIBB YHXB dan chiqishi kerak. Shunda falokatlarning oldi olinadi. Profilaktika inspektorlarining asl vazifasi ham shu – falokatlarning oldini olish. Ular esa bugun faqat jarimaga tortuvchi organ bo‘lib qolgan”, deydi Nosirjon Zokirov.

Ekspertning aytishicha, O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari to‘g‘ri ishlab chiqilmasdan, yo‘l harakati to‘g‘ri tashkil etilmay turib haydovchilar yoki piyodalarni jarimaga tortish xato.

“Yaqinda Toshkentda YTH sodir bo‘ldi, 18 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgich ustida to‘qnashdi, nimaga? Bittasi sekinlab qolgan, qolgani orqasidan borib urildi. Endi shunda haydovchini aybdor qilamiz, to‘g‘ri haydovchi aybdor, men uni oqlamoqchi emasman. Lekin haydovchiga oldin sharoit yaratish kerak edi. Piyodalar o‘tish joyi haqida u oldindan axborot olishi, piyodalar o‘tish joyi borligi haqida belgi o‘rnatilgan bo‘lishi kerak edi, keyin o‘sha joyda piyodaga yo‘l berish uchun harakatni sekinlashtirishi mumkin edi”, deya fikrini dalilladi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishicha, piyodalar o‘tish joylari, kesishadigan joylar bo‘lmagan hududlarda, shahar ko‘chalarida tezlikni 70 kmdan oshirish mukin bo‘lishi kerak.

“O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari orqali tezlik 60 km/sga tushirilsa, sharoit yaratilgan ayrim ko‘chalarda 70 yoki 80 ga ko‘tarish mumkin. Endi buni Toshkent bo‘yicha aytishim qiyin. Lekin men ikkinchi misolni keltiradigan bo‘lsam, Toshkentdan M39 yo‘li bo‘yicha Chinozga qarab ketyapmiz. Bu yo‘lni haydovchilar, viloyatlar aro qatnashadigan taksi, og‘ir yuk avtomobillari, avtobus haydovchilari juda yaxshi bilishadi. U yerda aholi punktlari bor, oq belgi bilan belgilangan 5.22 Yangi yo‘l, Chamanzor, Tuyabo‘g‘iz, O‘zbekiston degan aholi punktlari bor. Albatta, bu yerda 60 km/s tezlikda yurish yukni, yo‘lovchilarni yetkazib borilishini inobatga olib shu joyda imkoniyat va sharoit bo‘lsa viloyat hokimligini qarori bilan aholi punkti bo‘lsa ham tezlikni yuqoriga ko‘tarish mumkin. Faqat unga belgi osib qo‘yish kerak. Albatta, hokimning qarorini emas, belgini”, dedi u.

Bu vaziyatda esa ko‘chalar belgizor bo‘lib qolmaydi. Bunday yo‘l va ko‘chalarda chorrahalar kam va tabiiyki belgilarning ta’sir masofasi ham uzoqroq bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar IIBBning poytaxtning ayrim ko‘chalarida harakatlanish belgilangan tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soat qilib belgilash taklifiga rozilik bildirilmagan va ayrim deputatlar bunga qat’iy e’tiroz bildirishgandi.

Toshkent shahrida Kichik halqa avtomobil yo‘li ichida joylashgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometrgacha cheklanadi. Shahar kengashi doimiy komissiyasi shunday xulosaga kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

104

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing