1 oktyabrdan barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2021
5988Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda ushbu texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Kadrlar tayyorlashda o‘quv markazlari ham muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda Aloqa bank tomonidan ustavi 80 milliard so‘m bo‘lgan Venchur jamg‘armasi va IT bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshlarga dasturiy ta’minot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yo‘nalishlar bo‘yicha professional ta’lim beriladi.
Bundan tashqari, hozirda 151 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar o‘qitildi. Ushbu markazlar faoliyatini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yana shunday o‘quv maskanlari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 100 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday muassasalarni 205 taga yetkazib, 30 mingdan ziyod o‘quvchilarni o‘qitish rejalashtirilgan.
Shu bois mutasaddilarga ushbu maktablar uchun pedagoglar, texnika va o‘quv dasturlarini hozirdan puxta tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yana bir yangilik – joriy yil 1 oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi telekommunikatsiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 mingga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.
Yig‘ilishda Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda 4 ta Prezident maktabida 576 nafar, 3 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabida 1 ming 500 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Davlat rahbari tarbiya jarayonida milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhi asosiy ahamiyat kasb etishi zarurligini ta’kidladi.
O‘quvchilarni mamlakat tarixi, madaniyati va san’ati bilan kengroq tanishtirish, harbiy xizmatchilar ishtirokida vatanparvarlik darslari tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarini axborot texnologiyalari mutaxassisliklariga yo‘naltirish, ijod maktablarida veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli san’at, audiovizual asarlarni yaratish, tarjimonlik, jurnalistika va aktyorlik mahorati kabi to‘garaklar tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ilg‘or xalqaro tajriba va standartlar asosida ushbu maktablar muallimlarining malakasini oshirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi belgilandi. Bu markazga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilinib, fanlar va chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi, xalqaro sertifikatlar beriladi.
LiveBarchasi