1 martdan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 martidan O‘zbekiston qonunchiligida qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Xususan, niqob taqish majburiyati bekor qilinadi, yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn ko‘rsatiladi va nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi. Quyida qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot beramiz.

1. O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi.

Respublika maxsus komissiyasining 23 fevraldagi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 martidan boshlab fuqarolarning niqob taqishi majburiyligi istisno qilinadi va ixtiyoriylik tartibiga o‘tkaziladi. Epidemik vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarning ijtimoiy masofani saqlash qiyin bo‘lgan joylari (jamoat transporti, metro, avtobus, tramvay, yirik savdo do‘konlari, bozorlar, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat idoralarda, masjid, sport majmualarida, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroyi va maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari)da niqob taqish majburiyligini istisno qilinadi. Niqob taqish haqidagi talab faqat tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

2. Yonida biometrik pasport yoki ID-karta mavjud haydovchidan “prava”, texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisi talab etilmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 30 noyabrda imzolagan qonunga asosan haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi bo‘lganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:

  • transportni boshqarish, ro‘yxatdan o‘tkazganlikka oid hujjatlar;
  • ishonchnoma;
  • sug‘urta polisi.

Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.

3. Yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn ko‘rsatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 15 oktyabdagi qarori bilan quyidagi xizmatlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ko‘rsatiladi:

  • O‘zbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlatda O‘zbekiston fuqaroligini tasdiqlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.

4. Meva-sabzavotchilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish harajatini 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Prezidentning 2021 yil 15 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xo‘jaliklariga — eksport shartnomasi mavjud bo‘lib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sug‘urtalash xizmatidan foydalanganda to‘langan sug‘urta mukofotining 50 foizi, biroq sug‘urta pulining 1 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

Meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari orqali kompensatsiya qilinadi.

5. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Prezidentning 2021 yil 21 dekabrdagi qaroriga muvofiq Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga bilan bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.

2024 yil 1 martgacha ish beruvchilarga nogironlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq Davlat byudjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

6. Yoshlarga ayrim yordam turlari (13 ta) mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida beriladi.

Prezidentning 2022 yil 19 yanvardagi qaroriga asosan barcha mahallalarda joriy etilgan Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan o‘ziga tegishli hududdagi yoshlarga 13 turdagi yordam, jumladan ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan yoshlarga moddiy yordam va subsidiya ajratishda ko‘maklashiladi. Qolaversa, yosh oilalarga imtiyozli kredit olib berish, nodavlat ta’lim kurslarida o‘qish, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashga subsidiyalar ham beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2514

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing