1 kitob o‘qigan mahkumning jazosi 3 kunga qisqartirilishi mumkin
Jamiyat
−
20 yanvar
6511Endi O‘zbekistonda bitta kitob o‘qigan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqarishi mumkin. Bu haqda Milliy tiklanish partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida so‘z boradi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tashabbus orqali mahkumlarning bilim va madaniyatini oshirish, ularning ijtimoiy adaptatsiyasini yaxshilash va jazo muddatini o‘tkazish jarayonida ruhiy va axloqiy rivojlanishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan imtihonni topshirgan mahkumning jazo muddati 3 kunga qisqartiriladi.
“Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bir necha yillardan buyon kitobxon mahkumlarning jazo muddatini qisqartirish taklifi ilgari surib kelinayotgan edi. Nihoyat bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi”, deydi qonun loyihasi mualliflari.
Shuningdek, ushbu qonunda mahkumlar yiliga ko‘pi bilan 10 ta kitob o‘qishi mumkinligi belgilangan. Mahkumlar o‘qiydigan adabiyotlar ro‘yxati esa Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlanib boriladi.
“Kitob o‘qish nafaqat ular uchun yangi bilimlarni egallash imkoniyatini yaratadi, balki ular o‘zlarini qayta tarbiyalash va jazo jarayonidan chiqish uchun ijobiy o‘zgarishlar kiritishga undaydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga bo‘lgan huquqi ta’minlanishi mumkinligi xabar qilingandi. Ushbu qonun loyihasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish orqali ularni jamiyatdan uzilib qolmasligini ta’minlash, jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng jamiyatga qayta moslashishiga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqilgan.
LiveBarchasi