1 kilo vazn tashlagan odamga 500 ming so‘mdan beramiz – Xayrullo Bozorov
Jamiyat
−
20 dekabr 2021 10277 2 daqiqa
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bir kilogramm vazn tashlagan odamga 500 ming so‘m berishni va’da qildi. Bu haqda u viloyat Xalq deputatlari kengashi sessiyasida aytib o‘tgan.
“O‘zimiz sog‘lom turmush tarzida yashamaganimiz uchun kasalliklar kelib chiqmoqda. Qandli diabet kasalligini tahlil qildik. Bugungi kunda 32 mingta qandli diabet kasalligi bilan ro‘yxatga olingan fuqarolarning atigi 2 mingtasi irsiy ekan. Ya’ni nasldan naslga o‘tgani 2 mingtani tashkil qiladi. 30 mingtasi esa, hayoti davomida siqilish, noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik, ortiqcha vazn ortishi natijasida ushbu kasallikni o‘ziga orttirib olgan. Tasavvur qiling, 30 mingta. Demak, eng katta xatoimiz sog‘lom turmush tarziga amal qilmasligimizdadir. Shuning uchun e’tibor aholini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilishga qaratilishi kerak. Bunda barcha ijro organlari, blogerlarimiz ham, OAV vakillari ham eshitsin: qaror va nizom qilinyapti. Bir yil davomida 5 kgdan boshlab, 10-15 kggacha vaznini, semizligini tashlasa, biz unga pul mukofotini beramiz”, deydi Bozorov.
Hokim bu qay tartibda amalga oshirilishini ham tushuntirgan. Unga ko‘ra, aniq bir Nizomga ko‘ra, shahar va tumanlarda alohida komissiya tuziladi. Masalan, amaldor o‘zining poliklinikasiga boradi, o‘sha poliklinikada ro‘yxatdan o‘tadi. Bugungi o‘lchangan vazni 100, 150 kg bo‘lsa, o‘sha vazn bilan registratsiyadan o‘tib qo‘yadi.
Olti oydan keyin vazni besh kiloga kamaysa, 2,5 mln ya’ni har bir kiloga 500 ming so‘mdan pul beriladi.
“Aslida kulguli, lekin shunday qilmasa bo‘lmaydi. Farg‘ona tajribasi bo‘ladi. 5 kg tashlasa 2,5 mln, 10 kg tashlasa 5 mln pul beriladi.
U holatdan keyin unga pul berishdan hojat yo‘q, 10 kg tashlasa yengil bo‘lib qoladi. Hayotga ko‘zlari ochiladi. Dunyoga boshqacha ko‘z bilan qarashni boshlaydi. Bu ishning zamirida shu ma’no yotibdi xalos”, deydi Bozorov.
U bu tashabbusga barcha ijro organlari, birinchi navbatda o‘zi mas’ul bo‘lishini ta’kidladi.
“Byudjet tashkilotlari ham, mahallalarimiz ham insonlarga sog‘lom turmush tarziga amal qilish, sport bilan shug‘ullanmasa ham eng kamida 5 ming qadam yurishni o‘rgatishi kerak. Inson 1 ming, 5 ming, 10 ming qadam yursa qay darajada sog‘lom bo‘ladi?
Shuning farqini odamlarga tushuntira olishimiz kerak. Bu eng oddiy narsa”, deya fikr bildirgan hokim.
Live
Barchasi